SamDUda Muhandislik fizikasi instituti ochildi

Bugun Samarqand davlat universitetida Muhandislik fizikasi instituti ochildi. Mazkur institut Respublika Prezidentining 2022 yil 13 yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etildi. 

Muhandislik fizikasi institutida 7 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 937 nafar bakalavr, 5 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 57 nafar magistr tahsil olmoqda. Shuningdek, 8 ta ixtisoslik bo‘yicha 40 nafar doktorant tadqiqot olib bormoqda.

Institutda elektromagnitizm, optika va spektroskopiya, molekulyar lyuminisensiya, lazer fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, yadro fizikasi, kosmik nurlar fizikasi ilmiy maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.

- Mamlakatlar fizikaning endi rivojlanayotgan yo‘nalishlaridagi mavjud imkoniyatlarini birlashtirsa, muvaffaqiyatga erishishi ham oson bo‘ladi, - dedi AQShning Dallasdagi Texas universiteti qoshidagi Nanotexnologiya instituti direktori o‘rinbosari Anvar Zohidov. - Bu borada xalqaro hamkorlikning ahamiyati nihoyatda katta. O‘zbekistonda bugun shu kabi institutlarga ehtiyoj katta deb o‘ylayman. Muhandislik fizikasi instituti bu yo‘lda dastlabki qadam bo‘ldi. Salobatli bino, barcha zamonaviy jihozlarga ega laboratoriyalarni ko‘rib, O‘zbekistonda bugun ilm-fan inqilobi yuz bermoqda, deyish mumkin.

Institutda 6 kafedra mavjud bo‘lib, ilmiy salohiyat 74 foizni tashkil qiladi. Unda 1 nafar akademik, 17 fan doktori, professor, 35 nafar fan nomzodlari bilan birga 10 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda.

Ayni vaqtda 22 ta o‘quv va 5 ta ilmiy laboratoriyalarda tadqiqot olib borilmoqda. Ilmiy laboratoriyalar: materialshunoslik, molekulyar spektroskopiya, molekulyar lyuminessensiya, kvant elektronika va nochiziqli optikadan iborat.

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.