SamDUning yosh dasturchilari nufuzli xalqaro turnirda qatnashadi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi Inkubatsiya markazi rezidentlari ICPC (International Collegiate Programming Contest) Xalqaro turnirining yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Tanlovda Samarqand davlat universitetining 27 nafar yosh dasturchisi 9 jamoa bo‘lib ishtirok etib, uch jamoa (LifePC Group, SamDU Dream Team, SamSU ITEG) yarim final bosqichiga yo‘l oldi.
Ular 12-13 aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadigan yarim finalda qatnashadi.
- ICPC Xalqaro tanlovi jahondagi eng nufuzli algoritmik dasturlash tanlovi, - deydi "SamDU Dream Team" jamoasi sardori, raqamli texnologiyalar fakulteti magistranti Asliddin Sayidqulov. - Bunda uch kishidan iborat jamoa hamkorlik, ijodkorlik, innovatsiya va tezkorlik qobiliyatini rivojlantirib, real muammolarni hal qilish uchun ishlaydi. Bu tanlovda besh yildan buyon ishtirok etib kelaman, har safar chorak finalga kelganda to‘xtab qolardik. Xalqaro IT kompaniyalari, jumladan, Microsoft, Yandex, Telegram asoschilari g‘olib bo‘lgan tanlovda qatnashish biz uchun sharaf.
Turnirning final bosqichi may oyida Qohira shahrida bo‘lib o‘tadi.

Behruz Shamsiddinov.