Samimiy qalb egasi edi

Oysuluv Nafasovani bugun yoshi ulug‘larning juda ko‘pchiligi yaxshi biladi. Chunki u jamiyatda Samarqand ayollarining fidoyi, ishchan, tashkilotchi vakili sifatida tanilib ulgurdi.

Payariqning olis Juvozxona qishlog‘ida voyaga yetgan bu ayolning avvaliga tumanda, keyinchalik viloyat miqyosida jamoatchi sifatida shakllanishi hamkasblari, safdoshlari tomonidan doimo e’tirof etilgan.

Eski tizimda tuman partiya qo‘mitasining kotibi, tuman ijroqo‘mining raisi, yangi tizimda esa kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi sifatida zamonaga munosib kadr ekanligini amalda isbotlay oldi. Muhimi, viloyat hududidagi tashabbuslari, tajribalari bilan mamlakatdagi barcha hamkasblariga ibrat ko‘rsatdi.

Shu tufayli bugungi kunda ham nafaqat Payariqda, kasaba uyushmalari tizimida, balki viloyatdagi barchsa davralarda Oysuluv opaning mardligi, birso‘zligi, eng muhimi, samimiyati haqida hurmat bilan gapirishadi. Binobarin, bunday ayollarning hayoti hamisha yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.

Bugungi yo‘qlovimizning boisi shundaki, opaning 70 yilligida eslamaganimiz tufayli yo‘l qo‘ygan xatoimizni tuzatishga jazm etdik. Agar hayot bo‘lganida O.Nafasova bugun 71 yoshini qarshilagan, siz-u biz bilan bugungi farahli kunlarda davradosh bo‘lib turgan bo‘lardi.