Samimiyat nima?

Samimiyat, nazarimda, tug‘ma fazilat. Ya’ni, har kimning o‘z-o‘zidek yashashi. Samimiyat - inson qalbining ko‘rinishi. Uni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Samimiyat - ko‘ngilda neniki o‘ylasa, o‘shani so‘zlash, fikrlaganini gapirish. Zero, kasbda ham, hayotda ham o‘rtamiyonlar samimiy bo‘la olishmaydi. Ular o‘zini oqlash uchun yasama samimiyatni kasb qilib olishadi. Qo‘lidan ish kelmaydigan, irodasiz kishilar ham shunday.

Samimiy odam yaxshiligini nafaqat minnat, hatto ko‘z-ko‘z ham qilmaydi. Birovning ahvoliga ichida achinadi va yordam berish yo‘lini qidiradi. To‘yda to‘y egasiga yaltoqlik qilmaydi,  mehmonlarga beminnat xizmat qilaveradi, kamchilikni to‘ldirib turadi. Azalarda sadoqatini ovoz chiqarib bildirmaydi, ich-ichidan yig‘laydi.

Agar samimiyat bo‘lmasa, birovni eshitish, tushunish og‘ir. Manfaat o‘rtaga tushganda samimiyat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. "Dushmanlaring bilan adolatli kurash, do‘stlaring bilan samimiy bo‘l" deyiladi "Avesto" da.

Samimiyat yoki nosamimiyatlik tezda ko‘zga tashlanadi. Ko‘ngil har bir so‘z va harakatning samimiyligini yoki yolg‘onligini tez sezadi. Bu borada "hech kim bilmadi", "bopladim" degan fikrlardan qochish kerak.

Ikkiyuzlamachi, yolg‘onchidan samimiyat kutmang.

Samimiy kishilarni ko‘pchilik hurmat qiladi, hatto biror masalada yordam bera olmasa-da. Biror yordamga kuchi yetmasligini aytish ham samimiyatdir.

Samimiyat - har kimning bor-boricha yashashidir. Alloh shu fazilatni ko‘p ko‘rmasin. Samimiyatni boy bermang!