Sammitda ishtirok etadigan delegatsiya a’zolari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar PZR sinovlaridan o‘tkazilmoqda
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti davomida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limi xodimlari tunu-kun xizmat qilmoqda.
Sammitga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish maqsadida ushbu boshqarmada shtab tashkil etildi. Sanitariya-epidemiologiya tadbirlarini o‘tkazish uchun “Sanepidxizmat”ning 175 nafar (127 nafar vrach va 48 nafar o‘rta maxsus tibbiyot) xodimi, shuningdek, respublika “Sanepidxizmat”ning 9 nafar xodimi jalb qilingan.
Bugungi kunda Samarqand viloyati boshqarmasining 2 ta virusologik, 2 ta bakteriologik, 2 ta sanitariya-gigiyena, radiologik, parazitologik, toksikologik laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, “Samarqand-siti” turistik markazida kuniga 6 mingta sinov o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lgan yangi virusologik laboratoriya kompleksida barcha tahlillar amalga oshirilmoqda.
Xaliaro turistik markazda “Sanepidxizmat”ning 16 nafar xodimi 6 ta mehmonxonaga PZR testlarini topshirish va oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish uchun biriktirilgan.
Kongress zaliga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun 3 nafar “Sanepidxizmat” xodimlari biriktirilgan bo‘lib, hammasi maxsus tibbiy kiyim va poyabzal bilan ta’minlangan. Ular tomonidan tegishli sanitariya-epidemiologiya nazorati ta’minlanib, PZR testlariga namuna olinmoqda. Muntazam ravishda suv, havo, tuproq namunalari olinib, radiatsiya foni o‘lchanmoqda.
Barcha xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlovchilar, ofitsiantlar, muhandislar, texniklar va shu kabilar) tibbiy ko‘rikdan to‘liq o‘tkazildi.
Har kuni delegatsiya a’zolari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar PZR sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Ob’yektlarda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari muntazam olib borilmoqda.
Shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan 9 ta mehmonxonada tibbiyot xodimlari PZR testlariga namuna olish bo‘yicha navbatchilik qilmoqda.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.