Bir ko‘chada ham yo‘l o‘tkazgich, ham ko‘prik

Azim va navqiron Samarqand shahri muhim siyosiy tadbirga mezbonlik qilish uchun tayyor. O‘tgan davrda hududda amalga oshirilgan tizimli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida yo‘llarni ta’mirlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, ko‘p qatnovli ko‘chalardagi chorrahalarni tartibga solish bo‘yicha zamonaviy loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnel shaklidagi zamonaviy yo‘l o‘tkazgich shular jumlasidan. Bugun ushbu hudud azim kentning ravon va keng yo‘llari ramziga aylandi, desak adashmagan bo‘lamiz.

2019 yilning sentyabr oyida boshlangan qurilish ishlari natijasida bu yerda uzunligi qariyb 1 kilometrga teng bo‘lgan zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qad rostladi. Inshootning tunnel qismi uzunligi 120 metr, balandligi 5,8 metr va kengligi 27 metrni tashkil etadi. Ma’lumotga ko‘ra, mazkur yo‘l o‘tkazgich bir kunda 1500 taga yaqin avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega. Shuningdek, yo‘l o‘tkazgichning Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi har ikki tomonida yer osti piyodalar yo‘lagi qurilgan.

Hududdagi bunyodkorlik ishlari shu bilan tugagani yo‘q, albatta. Samarqand shahriga kirishdagi asosiy ko‘chalardan biri hisoblangan Bo‘stonsaroy ham nomiga mos ko‘rinishga keltirildi. Ilgari mazkur ko‘chaning Siyob kanali ustidan o‘tuvchi qismi pastlikda joylashgan edi. Qisqa vaqtda u to‘liq rekonstruksiya qilinib, pastqam ko‘chaning o‘rnida galereya shaklidagi ko‘prik bunyod etildi.

— Kuchli yog‘ingarchilik vaqtlarida ko‘chaning bu qismini suv bosib, transport vositalari va piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berar edi, - deydi “Ko‘prikqurilish” unitar korxonasi mutaxassisi A.Bekmirzayev. – Olti oy ichida ko‘prikni avvalgi holatidan 9,20 metrga ko‘tardik, ostiga esa suv o‘tkazuvchanligi oldingisidan besh barobar ko‘p bo‘lgan 192 metrlik quvur yotqizdik. Yangi ko‘prikning umumiy uzunligi 370 metrga teng. Unda ikki yo‘nalishda ham uchtadan qatnov qatori, piyodalar yo‘lakchalari mavjud. Shuningdek, ko‘prikning har ikki tomoniga shovqinni ushlab qoluvchi maxsus dekorativ panellar o‘rnatilgan.