SamVMIda xalqaro anjuman - “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va veterinariya ta’limi: So‘nggi yutuqlar va yangicha yondashuvlar”

Mazkur xalqaro ilmiy amaliy konferensiyada Sharlotta Adrian xonim boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari, Portugaliyaning Portu, Italiyaning Pizan, Padui, shuningdek, Estoniyaning Tartu universitetlaridan vakillar va soha olimlari ishtirok etdi. 

Xalqaro tadbirda rivojlangan mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish sohasidagi tajribalarini o‘rganish, O‘zbekistonda chorvachilik, veterinariya sohasini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari borasida tajriba almashindi. 

Loyiha muallifi va bosh koordinatori Avgusto Faustinoning fikriga ko‘ra, 2016 yilda boshlangan va 5 yil muddatga mo‘ljallangan loyiha doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlarni muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin. Professor mazkur jarayonda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professor-o‘qituvchilari, yosh olimlari va tadqiqotchilarining ishtirokini alohida e’tirof etdi.

Shunisi quvonarliki, loyiha doirasida institutga 100 ming AQSh dollari miqdoridagi laboratoriya jihozlari keltirilgan. Yevropa mamlakatlari va O‘zbekistonning chorvachilik sohasi, veterinariya tibbiyoti va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati borasida ancha tafovutlar mavjud va bu borada tajriba almashish, bilim va ko‘nikmalarni o‘rtoqlashish ijobiy samara berishi shubhasizdir. Mamlakatimizda veterinariya ta’limi salohiyatini oshirishda rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etish, o‘quv dasturlarini jahon talablari darajasida shakllantirishga imkon yaratadi. 

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudoynazar Yunusov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, mazkur loyihalar natijasida institutning dunyo OTM orasida nufuzi ortib borayotgani, deyarli barcha yo‘nalishlar o‘quv dasturlari va standartlari Yevropa Ittifoqi va jahon andazalari asosida modernizatsiya qilinayotgani, so‘nggi 5 yilda 100 dan ortiq professor-o‘qituvchilar hamda talabalar o‘z bilim, malakalarini nufuzli hamkor OTMlarida oshirishganini alohida ta’kidladi. 

Tadbirda Yevropaning uchta mamlakatidan 4 ta oliy o‘quv yurti, shuningdek, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Nukus qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti hamda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiallari ishtirok etdi. 

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.