Mahallalarning 5 nafar yoshlari ish bilan ta’minlandi

Bugun jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining yoshlar o‘rtasida kuzatilayotgani achchiq haqiqat. Ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 25 foizini tashkil etishi ko‘pchilikni sergak torttirishi lozim.

Ularni jinoyat sodir etishga undaydigan holatlar, sabablarni o‘rganib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmas ekan, vaziyat o‘zgarmasdan qolaveradi.

2019 yil davomida Samarqand shahrida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik holatlari o‘tgan yilga nisbatan 54 foizga kamaygan. Bu haqda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va yoshlar” loyihasi doirasidagi uchrashuvda Samarqand shahar IIB boshlig‘i Jamshid Qodirov ma’ruzasida aytildi.

Uchrashuvda mahalla yoshlari, talabalar hamda IIB mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Yoshlik inson umrining ilm o‘rganadigan, kasb egallaydigan muhim pallasi. Bundan unumli foydalanib, o‘zining salohiyatini oshirib borayotgan, jamiyatda munosib o‘rin egallashga intilayotgan yoshlar  ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo ayrimlar “Yoshlik – beboshlik”, deya nojo‘ya harakatlarga qo‘l urib,  jinoyat ko‘chasiga kirib qolganini bilmay qolyapti.

- Bitta jinoyat sodir etilsa, bu o‘sha hududda ishlar yaxshi tashkil etilmaganligini anglatadi, - deydi J.Qodirov. - Samarqand shahrida 210 ta mahalla bor. Bu mahallalarning barchasida jamoatchilik nazorati postlarini o‘rnatganmiz. Ularning 47 foizi videokameralar bilan jihozlangan. Biz jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali jinoyatchilik, axloqsizlik, giyohvandlik kabi yoshlar o‘rtasida uchrayotgan illatlarga qarshi kurashishimiz, ishsizlik kabi ijtimoiy masalalarga yechim topishimiz kerak.

Yoshlar sektor rahbariga propiska, ish topish kabi masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. Rahbar bir hafta muddatda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari o‘tadigan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi chorraha chiziqlarini yangilashga va’da berdi.

Uchrashuv doirasida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 5 nafar yoshlar “8 mart” fabrikasi, shahar obodonlashtirish boshqarmasi va qurilish ob’yektlariga ishga taklif etildi. 31 nafar faol talabalar hamda Samarqand shahrining Madaniyat, Sadaf, Tinchlik va Hunarmandlar mahallalari yoshlariga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

Gulchehra BERDIYoROVA.