Bepul dori-darmon, ko‘chayotgan laboratoriya, ishsiz qolgan tibbiyot xodimlari

 Tizim mas’uli birlamchi tibbiyotdagi o‘zgarishlar haqida nima deydi?

 Prezidentning “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida birlamchi tibbiyot tizimida qator yangiliklar amalga oshirila boshlandi. Shu kunlarda mazkur o‘zgarishlar namunali  hududlar sifatida tanlab olingan Bulung‘ur, Ishtixon tumanlari hamda Samarqand shahridagi oilaviy poliklinikalar faoliyatida ko‘zga tashlana boshladi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Jiyanov bilan suhbatlashdik.

- Birinchi navbatda aholiga tanlash imkoniyati berilmoqda, - deydi J.Jiyanov. – Ya’ni, ilgari fuqaro o‘zi yashaydigan hudud poliklinikasida ro‘yxatdan o‘tish va o‘sha yerda davolanishi mumkin edi. Endilikda poliklinika bilan aholi o‘rtasida bitim tuziladi. Unda ma’lum shartlar va ikkala tomonning ham majburiyatlari bo‘ladi. Aholining asosiy majburiyatlaridan biri sifatida o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish belgilangan. Fuqaro o‘ziga ma’qul kelmagan tibbiyot muassasasi bilan bitimni bekor qilib, boshqa poliklinikaga murojaat qilishi mumkin. Pilot hududlarning barchasida markaziy poliklinika binosi o‘zgaradi va yangi binoga o‘tkaziladi. Oilaviy poliklinikalar uch tipga ajraladi: birinchisi 3 mingdan 12 minggacha bo‘lgan aholiga xizmat ko‘rsatadi. Keyingisi 12 mingdan 54 minggacha bo‘lgan aholiga xizmat ko‘rsatadi va shu poliklinikalarning joylardagi filiallari tashkil etiladi. Mahalla tibbiyot punktlari ham endilikda filial maqomiga ega bo‘ladi.

Poliklinikalarda imkoniyati cheklangan insonlarning harakatlanishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Ayniqsa, shu paytgacha muammoli bo‘lib kelgan jihat, ya’ni birlamchi tibbiyot tizimi muassasalarining aksariyatidagi hojatxona masalasi. Ushbu pilot hududlarda sanitar xonalar barcha standartlar asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Eng muhim jihati tibbiyot xodimlarining oylik maoshi oshirilishi bilan bog‘liq. Misol uchun, endilikda ish stajidan qat’i nazar, pilot hududlardagi birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlarga 6,5 million so‘m, hamshiralarga 4,5 million so‘m maosh belgilanadi.

- Raqamlashtirish tizimining tibbiyot xodimlari va aholi uchun qulayligi nimada?

- Tanlangan uch hududdagi poliklinikalarning barchasi raqamlashtirish tizimga o‘tkazildi. Endilikda aholi kartasini izlab, uni ko‘tarib yurishi shart emas. Har bir shifokor tibbiyot muassasasiga kelgan bemorning salomatligi bilan bog‘liq ma’lumotlarni zarur paytda ko‘rib, tahlil qilishi mumkin.

Shuningdek, to‘siqsiz tizim ishga tushiriladi. Ya’ni, bir paytlar poliklinikalarda bo‘lgan “darcha” tizimi bekor qilinadi. Poliklinikaga kirgandan boshlab qaysi shifokorga borish kerakligi haqida maxsus ko‘rgazmali vositalar joylashtiriladi.

Har bir poliklinikada oilaviy shifokor, rentgent, UTT apparati bo‘ladi.

- Poliklinkalarda laboratoriyalar faoliyat ko‘rsatmaydi, degan fikrlarni ko‘pchilik tashvishlanib bildirmoqda...

- Bugun har bir poliklinikada laboratoriya bo‘lib, ularda bir necha turdagi tahlillar amalga oshiriladi. Endilikda belgilangan shahar va tumanlarda markaziy poliklinika tashkil etiladi va barcha tahlillar faqat o‘sha yerda amalga oshiriladi.

- Bu markaziy poliklinkalardan olisda yashaydigan aholi uchun noqulay bo‘lmaydimi?

- Yo‘q, chunki har bir poliklinikada tahlillar uchun yig‘ish punktlari tashkil etiladi. Keyin maxsus idishlarda markaziy poliklinikalarga keltiriladi. Tahlil natijalari elektron bazaga kiritiladi. Bilasiz, ko‘p tashxis qo‘yish uchun bemor biror bir hududdan kelayotgan bo‘lsa, avval o‘z poliklinikasida, tumanda, keyin viloyatda ham bir xil tahlillarni qayta-qayta amalga oshirishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda bunday sarsongarchiliklarning oldi olinadi va o‘sha elektron bazaga kiritilgan javoblar barcha shifoxonalar uchun yetarli bo‘ladi.

Bugun aksariyat oilaviy poliklinikalardagi laboratoriya jihozlari eskirdi, ulardagi aniqlik foizi ham tobora pasaygan. Hududlardagi markaziy poliklinikalarga keltiriladigan yangi laboratoriya jihozlari 100 foiz aniqlikda ishlaydigan eng zamonaviy apparatlardir. Aholi uchun 12 turdagi bepul kafolatlangan paket laboratoriya tahlillari o‘tkaziladi.

- Poliklinikalarda aholiga qanday turdagi dori-darmonlar bepul beriladi? Bu bo‘yicha o‘zgarishlar bormi?

- Endilikda poliklinikalarda aholiga dori-darmon berilishi reimbursasiya dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi. Eng ko‘p uchraydigan, ya’ni yurak-qon tomir, endokrin, nafas yo‘llari xastaliklari, oshqozon-ichak tizimi xastaliklari uchun 29 turdagi dori-darmonlar bepul ajratiladi. Xo‘p, reimbursasiya dasturi qanday amalga oshiriladi? Bu dasturga ko‘ra, har bir bemorga poliklinikada elektron retsept asosida kod beriladi. Bemor ushbu kod bilan istalgan poliklinikada o‘sha dorilarni bepul olishi mumkin.

- Birlamchi tibbiyotdagi bunday o‘zgarishlar tufayli bir qancha tibbiyot xodimlari ishsiz qolyapti, degan gaplar ham quloqqa chalinyapti...

- Ishtixon, Bulung‘ur tumanida birlamchi tibbiyot samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlardan so‘ng tibbiyot xodimlarining ishi masalasida muammo bo‘lgani yo‘q. Samarqand shahrida esa bu masala biroz muammoli bo‘ldi va ayni paytda shifokor va hamshiralarni ish bilan ta’minlash masalasi bosqichma-bosqich hal etilmoqda. 

- Bu kabi yangiliklar boshqa hududlarga ham joriy etiladimi?

- Albatta, 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab, barcha hududlarda shu tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.