Sana: 26 iyun - xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
BMT Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrda qabul qilgan rezolyusiyasiga binoan 26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni sifatida belgilangan.
Tahlilchilarning fikricha, giyohvand moddalarning keng tarqalishi bir qator ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi. Jumladan, demografik fojialarni keltirib chiqaradi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda jinoyatchilik ko‘zga tashlanadi.
BMTning jinoyatchilik va giyohvand moddalar ustidan nazorat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda giyohvandlikka ruju qo‘yganlar dunyoda 300 million kishidan oshib ketdi.
Jahonda qayd qilinadigan o‘limlarning 43 ta sababidan giyohvandlik oqibatida sodir bo‘ladigan o‘lim 19-o‘rinda turadi. Giyohvandlikka qarshi kurashda ilk bor bundan yuz yil muqaddam hamkorlik qilina boshlandi. 1909 yilning fevral oyida 13 ta davlat vakillari Osiyoda giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi kurash maqsadida Shanxayda to‘planishdi. O‘shanda Shanxay komissiya tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lganlar orasida qayd etiladigan o‘limlarning 1,3 foizi giyohvandlik oqibatida yuz berar ekan. Bir yilda 211 mingta o‘lim aynan giyohvandlik oqibatida kelib chiqadi. Yevropada giyohvandlik oqibatida halok bo‘layotganlarning o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil qiladi. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, giyohvandlik oqibatida 1,6 million kishi OITSga mubtalo bo‘ladi. 7,2 million kishi esa gepatit C virusini yuqtirib oladi. 1,2 million kishi gepatit B virusiga chalinadi.