Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi og‘ir ahvolda topildi

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi 26 avgust kuni O‘zbekiston fuqarosi G‘.P. og‘ir ahvolda topilganligi va 33-sonli shahar kasalxonasiga yotqizilganligi to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi. Bu haqda TIV xabar qildi.

Shifokorlar bemorni ko‘rikdan o‘tkazish chog‘ida oyoqning travmatik amputatsiyasini qayd etishdi.

Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli va reanimatsiya bo‘limidan travmatologiya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va Sankt-Peterburg shahrining huquqni muhofaza qiluvchi organlari va tibbiyot muassasasi bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7-965-029-41-49.