Sanoat yarmarkasida ilk bor oltin buyumlari ko‘rgazmaga qo‘yildi

Xabar qilganimizdek, 30-31 may kunlari Jomboy tumanidagi “Sof Expo Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari forumi o‘tkazildi.

Ko‘rgazmada 300 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar 1700 dan ortiq mahsulot turlari va yoshlarning startap loyihalari, ilmiy ishlanmalar namoyishlari ham tashkil qilingan.

Ko‘rgazma turizm, elektrotexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, charm-poabzal sanoati, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati, gilam mahsulotlari va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Yarmarka davomida o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy va mahalliy investorlar bilan hamkorlik kelishuvlari tuzish, 2022 yil yakuni bo‘yicha “Eng yirik sanoat loyihasi”, “Mahalliylashtirish dasturining eng faol korxonasi”, “Eng namunali eksportyor” kabi turli nominatsiyalar ham tashkil etildi.

Ko‘rgazmada doirasida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tadbirkorlikni kengaytirish uchun yangi hududlardagi yer maydonlari bo‘yicha axborotlar, bojxona boshqarmasi import qilinayotgan va mahalliylashtirish imkoni bo‘lgan mahsulot, xomashyo va materiallar ro‘yxati va namunalarini namoyish etishdi. “Samarqandgeologiya” davlat unitar korxonasi viloyatimizdagi mineral resurslar zaxiralari, ulardan qurilish va boshqa sohalarda foydalanish imkoniyatlarini namoyish qilishdi. Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi yangi investitsion loyihalar takliflari bilan tushuntirishlar berdi.

Bu galgi ko‘rgazmada yirik va yangi tashkil etilgan, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Yarmarka mahsulotlari bilan tanishish uchun mahalliy hokimliklar va sektor vakillari, tadbirkorlikka mas’ul rahbar va xodimlar, shuningdek, viloyatimiz va qo‘shni viloyatlarning mahallalardagi hokim yordamchilari ham keldi. Forumda “O‘zavtosanoat” va “O‘zeltexsanoat” korxonalari mahalliylashtirishga qaratilgan import o‘rnini bosadigan mahsulotlari bilan mahalliy tadbirkorlarni sanoat kooperatsiyasi asosida hamkorlikka taklif etdi. Shuningdek, sanoatchilar forumida viloyatimiz va mamlakatimiz sanoati uchun dolzarb masalalar muhokamalari uchun panel sessiyalari ham o‘tkazildi.

Ushbu ko‘rgazma yirik korxonalar va katta loyihalarning jalb etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida ilk bor oltindan tayyorlangan buyumlar namoyishi ham o‘tkazildi.

- O‘zbekiston zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun katta imkoniyatga ega, buning uchun Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari qabul qilindi, soha rivoji uchun yengilliklar yaratildi, - deydi “ST TILLO KORI” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Daler Shodiqulov. - O‘zbekiston oltinini birja orqali xarid qilishda ham hech qanday cheklovlar yo‘q. Shu bois 2018 yilda korxona tashkil qilib, zargarlik buyumlari, tilla taqinchoqlar, Registon maydonining kichik nusxalarini yaratishni boshladik. 2022 yilda Hindistondan 6 nafar usta zargarni jalb qilib, 2 nafar shogird biriktirdik. Ular to‘liq qo‘l mehnati bilan 585 va 916 probali bejirim tilla taqinchoqlar yasashmoqda. O‘zbekistonning paxta, g‘allasi, bog‘ va mevalari tasviri tushirilgan tilla taqinchog‘imiz shu oyda Toshkent shahrida o‘tkazilgan zargarlik ko‘rgazmasida zargarlarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ko‘rgazmada ishtirok etgan Dubaydagi hamkorlarimiz ham o‘zbek zargarlari va korxonamiz mahsulotlarini yuqori baholashdi.

Hozirda zargarlik buyumlarini Turkiya va AQShga eksport qilyapmiz, yaqinda esa Germaniyaga ham sotish boshlanadi. Keyingi yildan adras, atlas nusxada tilla taqinchoqlar yasashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Shuningdek, ko‘rgazmada milliy kashtachilik, zardo‘zlik, sopol buyumlar, cholg‘u asboblari, qo‘l mehnati namunalari ham namoyish etildi.

 O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

 Alisher ISROILOV olgan suratlar.