Sarbozorliklar sentyabrda toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

Kecha, 13 mart kuni saytimizda «Narpay tumani mutasaddilari uchun “topishmoq”: Salovatda bor, Sarbozorda yo‘q. U nima?» sarlavhasi bilan videolavha e’lon qilingan edi. Unda tumandagi Sarbozor mahallasida ichimlik suvi muammosi mavjudligi, aholi ayni paytda iste’mol qilayotgan suv ichishga yaroqsiz ekanligi bayon qilingan.

Videolavha yuzasidan “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Narpay tumani filialining quyidagi munosabatini oldik:

Ushbu mahalla aholisi uchun toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish dastur loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil 28 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan. 2021 yilda 10 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish rejalashtirilgan. Buning uchun 1 milliard 100 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Bugunga qadar mahalla ahliga toza ichimlik suvi maxsus transportlarda yetkazilmoqda. Shu yilning sentyabr oyida mahalla aholisi dastur asosida toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.