Sardobaliklar boshiga tushgan tabiiy ofat hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi
Sardoba suv omboridan suv chiqishi oqibatida yuzaga kelgan ofat Sirdaryodagi yurtdoshlarimizga har jihatdan dalda bo‘lishimizga, barchamizni jipslashishga, hamjihat bo‘lishga undamoqda.
Suv toshqini ro‘y bergan dastlabki palladayoq Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev va hukumatimiz rahbari Abdulla Aripovning Sirdaryoga kelganligi, tezkorlik bilan zarur choralar ko‘rilgani barchamizni nihoyatda to‘lqinlantirib yubordi. 2 may kuni ham Prezidentimizning Sirdaryoda qolib, yurtdoshlarimiz bilan birga yuzaga kelgan ofatni bartaraf etishda bosh-qosh bo‘lgani, kunning yarmida va bugun aholi bilan suhbatlashgani, ularning ko‘nglini ko‘targanligini butun mamlakatimiz hayajon bilan kuzatib turibdi.
Matonatli, muruvvatli, ko‘makka muhtoj insonlarga doimo yordam ko‘rsatishga tayyorligi bilan, tarixda boshqa xalqlar tomonidan tantiligi va mehribonligi bilan mardlikning eng baland mezoni -jo‘mard deb alohida e’tirof etilgan xalqimiz bu ofat sabab yanada jipslashib, har bir inson qo‘lidan kelgan barcha yordamni qilishga intilayotgani mana shu kunlarda yanada yaqqol sezildi. Hamjihat va jips xalqni hech qanday ofat va balolar yenga olmaydi, balki chekinadi.
Samarqanddan tabiiy ofat sodir bo‘lgan kunning o‘zida dastlabki yordam karvoni, kecha va bugun ham birinchi navbatda zarur bo‘ladigan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar jo‘natilgani uy-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan sirdaryoliklar uchun katta yordam bo‘ldi. Barcha viloyatlar, tumanlardan, vatanni sevuvchi, boshiga kulfat tushgan yurtdoshlarimizning o‘z jigari deb biluvchi minglab yurtdoshlarimiz, yuzlab tashkilot, muassasa, korxonalar, himmati baland tadbirkorlarimiz saxovati va qanchadan qancha yurtdoshlarimiz uy-joylarini bo‘shatib berishga tayyorligi, o‘zidan orttirib kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, yostiq va yopinchiqlar jo‘natayotgani bizning qanday ajdodlarning avlodi ekanimizni ko‘rsatib berdi.
Samarqand viloyatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi safiga birlashgan minglab yurtdoshlarimiz ham bugungi og‘ir kunlarda oldingi safda bo‘lishga intilmoqda. Bugun partiyamiz a’zolari bir necha million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga turli kiyim-kechaklarni suv toshqinidan aziyat chekkan aholiga yetkazib bermoqda.
Ko‘rsatilayotgan yordam Muborak Ramazon kunlarida Yaratganning dargohida qabul bo‘ladigan eng ezgu amallardan bo‘lishiga ishonamiz. Zero, sardobaliklarni hech qachon kulfat yonida yolg‘izlatib qo‘ymaymiz.
Ilhom Botirov,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari.