Sarg‘aygan suratlar

Kutubxonamdagi eski kitobni ko‘zdan kechirayotganimda tasodifan uning orasidan rahmatli akam ikkalamiz o‘sha davr udumiga ko‘ra to‘n kiyib tushgan suratimizni topib oldim. Otam rahmatlik surat olingan kunni rasm orqasiga yozib qo‘ygan ekan: 1961 yil 2 may. Ulus qishlog‘i.
Otam o‘sha paytlari shu qishloqdagi maktab direktori bo‘lib ishlar, ba’zan bayram kunlari, ayrim paytlari maktab o‘qituvchisiyu o‘quvchilarini suratga tushirish uchun Kattaqo‘rg‘on shahridan tanishi bo‘lgan yahudiy suratkashni chaqirtirib turardi. Bu suratni ham uyimizda shu kishi olgani aniq. Oradan oltmish to‘rt yil vaqt o‘tibdi. Bu suratga tikilib, nimalarni eslamadim, deysiz. Birinchi sinfni shu qishloq maktabida bitirganimni, uyimiz orqasidagi qirlarda akam ikkalamiz qo‘y boqqanimiz, maktabda o‘qituvchi bo‘lgan, lekin juda yoshligimizda vafot etib ketgan onamni, bizlarni bag‘rida ardoqlab o‘stirgan, o‘zi savodsiz bo‘lsa-da, lekin doim o‘qish kerakligini qulog‘imga quygan katta onamni, yana qancha-qancha odamlaru voqealarni yodimga soldi bu surat. Shunda bir narsaga amin bo‘ldimki, inson umrining qandaydir lahzasi aks ettirilgan har bir surat vaqti kelib, inson xotirasidan o‘chib ketayotgan voqealarni, aziz chehralarni jonlantirishga qodir ekan...
Bir kuni ishdan qaytayotib, chiqindi tashlanadigan joyga kichik qutiga solingan qog‘oz va suratlarni irg‘itayotgan bolaga ko‘zim tushdi. Avvaliga xayollarim bilan bo‘lib, uncha e’tibor bermagandim. Lekin shu payt esib turgan shamol ularni har tomonga sochib yubordi. Oyoq ostida to‘zg‘ib yotgan, yillar o‘tishi bilan sarg‘ayib ketgan suratlar, daftar varaqlariga ko‘zim tushgach, beixtiyor engashib, bir nechtasini yig‘ishtirib oldim. Bular turli vaqtlarda tushirilgan, yoshlari har xil odamlarning suratlari edi. Ularga qarar ekanman, negadir yuragim uvishib ketdi. Ko‘pi 1940-1950-yillarning suratxonalarida olingan.... Oradan 70-80 yildan ziyod vaqt o‘tibdi. Bu odamlarning ko‘pchiligi endi yo‘q. Ular kim bo‘lishmasin, vaqti kelib, qaysi bir avlodi befarqlik bilan yoki aniqrog‘i, befarosatlik bilan boboyu buvisi yoki amaki, tog‘a-ammasi — xullas yaqin kishilarining xotirasini toptashi mumkinligini tasavvur qilishganmikan?
Odatda hech bir kishi yomon kunida suratga tushishni xayoliga keltirmaydi. Yaqin qarindoshlar yoki yoru birodarlar suratga tushayotganida “Yaxshi damlardan esdalik-da”, deyishadi. Demak, insonlarning xushnud damlaridan qolgan. Vaqt o‘tishi bilan inson qalbidagi xotiralarni qo‘zg‘ovchi bir aks-sadoga aylangan. Yillar kechgan sayin bu sadoni tez-tez tinglaging keladi. Chunki inson tabiati shu — nimani yo‘qotsa, shuni ko‘proq qo‘msaydi...
Lekin chiqindixonaga ajdodlaridan qolgan xotiraning bir bo‘lagini uloqtirayotgan yigit buni tushunarmikan? Yo‘q, hali tushunmaydi, ehtimol ota-onasidan bu haqda hech narsa eshitmagan.
Bir voqeani eslayman. O‘sha paytlar 26-27 yoshlarda edim. Ma’rakada tanishim bilan uchrashib qoldim. Ikkalamiz birga qaytdik. Yo‘lda ko‘p vaqtdan buyon akasi tushlariga kirib chiqishini, lekin urushda, 22 yoshida halok bo‘lgan og‘asidan nafaqat zurriyot, hatto bir dona surat ham qolmaganligini afsuslanib so‘zlab berdi: “Hech bo‘lmasa, suratiga qarab, bolalarim amakisini eslab yurishardi”. Bu gaplarni u chuqur armon bilan aytdi. Shu topda akasining bir dona surati topilsa, uning yuragini o‘rtab yurgan ayriliq azobi oz bo‘lsa-da, chekinishi aniq edi. Afsuski, bu armon uning ham ko‘ksida ketdi...
Sarg‘aygan suratlarning turli noo‘rin joylarda yotganini ko‘rganimda, xafa bo‘lib ketaman. Oilaviy fotoalbomlarda avaylab saqlanishi, nabiralar, evara, chevaralarga ajdodlaridan hikoyalar so‘zlovchi, xotiralarini jonlantirib turuvchi sarg‘aygan suratlarni ko‘chaga, chiqindixonalarga uloqtirayotgan odamlarning o‘z avlodi tarixining bir qismini tamoman o‘chirayotganiga aqli yetarmikan, deb o‘ylab qolaman.
Muzaffar MUQIMOV.
***
Ushbu mulohazali maqola muallifi bugun 70 yoshini qarshilmoqda.
Muzaffar Muqimov 1955 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan.
Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirib, so‘ngra tahsilni Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) davlat jurnalistika fakultetida davom ettirdi.
Ilk mehnat faoliyatini «Lenin yo‘li» gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Tahririyatda muxbirlik, targ‘ibot bo‘limida muharrir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotiblik kabi eng mashaqqatli jarayonlarni muvaffaqiyat bilan o‘tagan.
1989 yilda Samarqand viloyat partiya qo‘mitasida instruktor bo‘lib ishlab, bir yildan so‘ng yana qadrdon «Zarafshon» gazetasiga ishga kelib, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi.
1992 yilda «Xalq so‘zi» gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri vazifasida faoliyat yuritdi, 1998 yilning boshida «Zarafshon» gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. So‘ngra respublika radiosida ham mahorat bilan ishladi.
M.Muqimov bugungi kunda SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi hududiy muzeyi direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.