Sarmishsoy darasi o‘zga sayyoraliklar manzili bo‘lganmi?
Sarmishsoy darasi olis tamaddundan so‘zlovchi bebaho meros. U Navoiy viloyati hududidagi Qoratog‘ning yonbag‘rida joylashgan tabiiy arxeologik majmua qo‘riqxonasi bo‘lib, beqiyos qoyatosh rasmlarini saqlab qolgan vodiy.
Unda 5-7 ming yil ilgari chizilgan qoyatosh suratlari bor. Daradagi nodir obidalar fan tilida petrogliflar deyiladi va bu ochiq osmon ostidagi muzeyda 8 mingdan ortiq qoyatosh rasmlari mavjud. Bu suratlarda raqs tushayotgan odamlar, o‘q-yoy, xanjar, qilich, nayza tutgan, dubulg‘a kiygan kishilar, yovvoyi hayvonlarni ov itlari bilan ovlash, hayvonlarning o‘zaro urushi, chorva mollari o‘ziga xos tarzda, yuksak mahorat bilan tasvirlangan. Murakkab obrazlardan esa olov yoqish uchun o‘t chiqarayotgan odam, qo‘lida quyoshni ko‘tarib turgan malaklar, chohga tushishdan qo‘rqib, orqaga tisarilayotgan kiyiklarning toshdagi tasviri hayratingizni yuz chandon oshiradi.
Yaqinda topilgan, raqs tushayotgan juftlik obrazi yurtimizning raqs tarixi 7 ming yil avvalga borib taqalishidan guvohlik beradi. Darada o‘zga sayyoraliklarning qiyofasi va noma’lum uchar jismlar tasvirlariga o‘xshash chizmalarga ham duch kelasiz. Umuman, Sarmishsoy darasi tilsimlarga boy, bunda qadim sivilizatsiya o‘choqlari qoldiqlari taxlanib yotibdiki, ularning juda kam qismi o‘rganilgan va hali arxeologlar «teshasi tegmagan» qismi qancha?
Vohaning qulay tabiiy sharoiti bu yerda odamlar paleolit davridan yashay boshlagan, degan fikrni inkor etmaydi. Suratlar o‘troqlashgan odamlardan, avlodlar almashinuvi jarayonida ularning dunyoqarashidagi o‘zgarishlardan, yangilikka intilish, ixtirochilik xususiyatlarining bo‘y cho‘zishi natijasida turmush tarzi o‘zgarib borganidan dalolat beradi.
Qoyalarga bronza, temir va tosh yordamida sxematik, kontur, soya va naqshdor uslublarda rasmlar tushirilgan. E’tiborlisi, ularning ba’zilari yomg‘ir yoqqanda ko‘rinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo bo‘ladi. Sarmishsoy qoyatosh suratlari ajdodlarimizning nihoyatda usta rassom va zukko bo‘lganligini namoyish etadi. Rasmlarning asosiy qismi mazkur daradagi soyning o‘rta qismida joylashgan, zich toshli 22 kilometr masofadagi qoyatoshlarga o‘yib ishlangan. Aynan shu joyda qadimiy ko‘chmanchi va o‘troq aholining mozor qo‘rg‘onlari ham joylashgan. Bu esa odamlar ushbu yerga qadimdan har xil diniy marosimlar, bayramlar o‘tkazish va ibodat qilish uchun kelishgan, degan xulosani beradi.
Sarmishsoyning odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan yana bir jihati - bu uning maftunkor tabiati. Ayniqsa, dara ko‘klam kelishi bilan ajib go‘zallik kasb etadi. Bu yerda o‘simliklarning 62 oilaga mansub 650 turi uchraydi. Ularning ayrimlari O‘zbekistonning «Qizil kitobi»ga kiritilgan noyob, endemik va dorivor giyohlardir.
Daradagi barcha yodgorliklar o‘zining tabiiy va tarixiy o‘rnida bo‘lib, asrlar davomida tabiat va inson sinovlariga dosh berib kelayotgan mo‘’jizakor petrogliflar nafaqat respublika, balki jahon miqyosidagi eng sara gavhar sanaladi. Sarmishsoy nafaqat tabiatning bebaho yodgorligi, balki insoniyat sivilizatsiyasi bosqichlarini o‘rganuvchi betakror manba sifatida alohida qiymatga ega san’at galereyasi. «Ochiq osmon ostidagi muzey»ga butun dunyodan turistlarni jalb qilish, hududda ekoturizmni rivojlantirish ishlari davom etmoqda.
Shuhrat Normurodov.