Sayyohning soch-soqolini olgan sartarosh

Siz shunaqasini ko‘rganmisiz? Bunday usta yo‘qligi aniq. Negaligiga qiziqqanmisiz? Vaholanki, bu xizmat xorijiy davlatlardagidan ko‘ra bizda judayam arzon. Ammo...

Sohadagi muammolarni birma-bir sanaymiz. Ko‘pchilik bunga e’tibor qilmagan, lekin barcha maishiy xizmat shoxobchalarida, jumladan, sartaroshxonalarda ham narx-navo ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyohlar aksariyat hollarda yurtimizdagi maishiy xizmatlardan foydalanmasligining asosiy sabablaridan biri ham shu: hech qayerda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori ko‘rsatilmagan. Biror sartaroshxona yoki go‘zallik salonida soch olish falon so‘m, yuvib qo‘yish mana buncha, quritish yana qanchadir deb yozilgan yozuvni ko‘rganmisiz?

Aslida bu masala O‘zbekiston Respublikasi aholisiga maishiy xizmat ko‘rsatish qoidalarida alohida qayd qilingan. Unda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, ularning buyurtmalarni qabul qiladigan va beradigan bo‘linmalari xizmatlarning har bir turi uchun amalda bo‘lgan asoslangan narx va tariflarni qulay va ko‘zga darrov tashlanadigan joyga joylashtirishga majbur ekanligi belgilangan.

Aksariyat odamlarning, u xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, doimiy sartaroshi bor. Odatda bu muhimmasdek tuyuladi, ammo nafaqat kasbiy ko‘nikmasi, balki xizmat haqi ma’qul bo‘lgani uchun ham bitta usta tanlanadi.

Garchi bu alohida masala bo‘lsa-da, aytish o‘rinli, bugun biror sartaroshxona yoki go‘zallik salonida to‘lagan pulingiz uchun chek ololmaysiz. Tabiiyki, narx shunga monand turlicha bo‘ladi.

SANITAR NORMANI BILISHADIMI?

Sartaroshxona yoki go‘zallik saloni haqida gap ketganda, avvalo shu savol beriladi. Negaki, aksariyat hollarda nafaqat sayyoh, balki fuqarolarimiz ham duch kelgan sartarosh yoxud go‘zallik saloni xizmatidan foydalanmaydi. Axir soch-soqol oldirish yoki turmaklatish uchun sanitariya talablariga amal qilishiga qarab sartaroshxona yoki go‘zallik saloni xizmatidan foydalanamiz.

Aslida barcha sartarosh yoxud go‘zallik saloni xodimi ish joyini did bilan bezatishdan tashqari, o‘zi ham faoliyati davomida tozalik qoidalariga amal qilishi kerakligini juda yaxshi bilishi kerak. Negaki, ayrim hollarda sartarosh-ustalarning nafaqat xonasi, shu bilan birga qilayotgan ishlaridan kishining ko‘ngli to‘lmaydi. Biroq kimlardir uning xizmatlaridan foydalanadi.

Nima bo‘pti, deyishga shoshilmang. Ayrim, masalan, jigar bilan bog‘liq kasalliklar yoki OITS yuqishiga ba’zan sochimizni chiroyli qilib qo‘yuvchilar ham bilib-bilmay sababchi bo‘lishini eshitgandirsiz.

Shu bois, bu borada Band­lik va mehnat munosabatlari vaziri (sobiq Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri)ning "Maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi buyrug‘ida alohida paragraf ajratilgan. Jumladan, unda tashkilot xonalari va ish hududidagi harorati, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 "Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari"ga muvofiq bo‘lishi kerak, deb belgilangan. Eng muhimi, sartaroshxona va go‘zallik salonlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot qutichasi bo‘lishi lozim.

KASBIY BILIM VA KO‘NIKMA KERAK EMASMI?

Yuqorida aytib o‘tilganlarning o‘zi sartaroshning kasbiy ko‘nikmadan tashqari, belgilangan ilmni egallashi zarurligini ko‘rsatib turibdi. Shu sababli hech bo‘lmaganda viloyat "Sammaishiy servis" birlashmasida hududlar kesimida sartaroshlarni o‘qitish, bu boradagi me’yorlarni o‘rganishlarini tashkil qilish kerak.

Negaki, sartaroshlikning nafaqat zamonaviy talablar, shu bilan birga diniy jihatdan ham belgilangan qoidalari bor. Bularni aksariyat sartaroshlar bilmasligi aniq. Agar bilishganida insonning boshiga turli suratlarni chizish nafaqat ma’naviy ziyon, balki og‘ir gunoh ekanligini anglab bu ishga qo‘l urmagan bo‘lisharmidi?!

Har bir sartarosh bu ishning nafaqat ma’naviy tomonlarini, shu bilan birga iqtisodiy asoslarini ham o‘rganishi zarur. Negaki, haddini bilgan odam borki, qulay va qonuniy yo‘llari borligi tushuntirilsa, ro‘y­xatdan o‘tib, qonun doirasida ish ko‘rishi tayin. Aynan shu yo‘l bilan sohada ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish mumkin. Shundagina sayyohlarning ham soch-soqolini olgan sartaroshlar ko‘p bo‘ladi.

SOHA BILAN ISHLASH, QONUNCHILIK ESKI QOLIPDA

Taklifga mahalliy hokimliklar sartarosh yoki go‘zallik saloni aniq statistikasi yo‘q, deb o‘zini chetga olishi tayin. Ammo ular bilisharmikan, normativga ko‘ra, har ming kishiga qishloq joylarda bitta, shaharlarda ikkita sartarosh kerak bo‘lishini? Hududiy dasturlarni tuzishda shuni etiborga olishadimi? Rostini aytganda, yo‘q.

Keling, oddiy misol, qishlog‘imizda bir yigit sartaroshlik qiladi. U kunduzi boshqa yumushlar bilan band bo‘ladi va faqat kechasi soch-soqol oladi. Negaki, avvalo soliqchidan qo‘rqadi. Aslida qanday tartibda ro‘yxatdan o‘tishni va soliq yuki unchalik ko‘p emasligini bilmaydi. Bunaqalar viloyatda oz deysizmi? Agar har bir mahallada bittadan sartarosh hisoblanganda ham mingta "jonsarak" ustalar biqinib ishlab yurgani ayon bo‘ladi.

Hisobotlarda falonchi maishiy xizmat shoxobchasi ochildi, deyiladi-yu, statistikaga kelganda sanog‘i chiqmay qoladi. Uni yo‘lga qo‘yish uchun kata investitsiya talab qilinmaydi. Shu bois, sohaga oid qonunchilikni, unga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishning vaqti allaqachon kelgan.

Yoqubjon MARQAYEV,

«Zarafshon» muxbiri