Saudiya Arabistoni podshohligi aviaparvozlarni vaqtincha to‘xtatdi

Joriy yilning 20 dekabr kuni Saudiya Arabistoni ichki ishlar, sog‘liqni saqlash hamda Haj va umra vazirliklari OAV orqali rasmiy bayonot berib, unda Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi (SARS-CoV-2) mamlakatda tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan aholiga tibbiy gigiyenik maslahatlar berdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, Saudiya sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasi asosida aholi sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qirollik hududida SARS-CoV-2 tarqalishining oldini olish maqsadida quyidagi qat’iy chora-tadbirlar belgilandi:

2020 yil 21 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 dan boshlab, hozircha 1 hafta muddatga (2021 yil 5 yanvarga qadar cho‘zish ehtimoli bilan) xalqaro aviaqatnov to‘liq to‘xtatilib, quruqlikda qo‘shni davlatlar bilan chegaralar, Qizil dengiz hamda Fors ko‘rfazidagi portlar orqali kirish-chiqish punktlari yopilishi belgilandi.

2020 yil 21 dekabr kunidan boshlab, Saudiya Arabistoniga kirish vizalarini rasmiylashtirish va chetdan ziyoratchilarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.

Xorijda yurgan va qirollikka qaytayotgan har bir Saudiya Arabistoni fuqarosi 14 kun muddatga statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olinadi.

Joylarda so‘nggi 3 oy ichida Saudiya Arabistoniga kirgan fuqarolar, chet elliklar va rezidentlar antitanalarga diagnostika qilinadi.

Shuningdek, joylarda banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayniqsa, aholi gavjum bo‘ladigan hududlarda karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Odamlar ommaviy bo‘ladigan ob’yektlar (masjidlar, savdo majmualari, bozorlar va hokazo)da ijtimoiy masofani saqlash va fuqarolarning tibbiy niqobda bo‘lishlarini ta’minlash talab etiladi.

️ Saudiya sog‘liqni saqlash vazirligi ayni vaqtda Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari bilan yangi SARS-CoV-2 shtammning tarqalishini o‘rganish chora-tadbirlarini ko‘rayotganligini ma’lum qildi.