Saudiyalik jurnalistlar Samarqand va Toshkentning gastronomik turizmi haqida lavhalar tayyorlashdi
Joriy yilning 12-19 iyul kunlari Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekistonga infotur tashkil etilgan.
O‘zbekistondagi “Real Dreams” turkompaniyasi orqali tashkil etilgan ushbu ijodiy safar doirasida saudiyalik jurnalist va blogerlar Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishishgan.
Infotur doirasida “Swift News” elektron nashrida va “Snapchat” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekistonning gastronomik va ziyorat turizmi sohalaridagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan qiziqarli maqolalar va videoroliklar joylashtirildi.
“Arab taomlari va ot go‘shti bilan mashhur bo‘lgan o‘zbek restorani” sarlavhali maqolada saudiyalik gazetxonlar e’tiboriga O‘zbekistonning pazandachilik san’ati to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Samarqandda 2000 yillarda tashkil etilgan “Ibrohim Bek restorani”ning o‘ziga xos jihati sifatida uning barcha toifadagi xo‘randalar uchun mazali hamyonbop taomlar taklif qilishi aytiladi.
“Restoranda oilaviy o‘tirish xonalari bilan birga, ochiq havoda joylashgan so‘lim bog‘li go‘shalar ham mavjud. To‘lovni o‘zbek so‘mida naqd yoki “Visa card” orqali amalga oshirish mumkin”, deb yozadi “Swift News” nashri muxbiri.
Navbatdagi maqola “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston turistik agentliklari assotsiatsiyasi tomonidan Toshkent “UzExpo” markazida tashkil etilgan “Ziyorat turizm” ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan.
Ta’kidlanishicha, ushbu ko‘rgazmada Saudiya Arabistoni Podshohligi va boshqa arab davlatlaridan 100 nafardan ortiq yirik sayyohlik kompaniyalari, aviakompaniyalar va mehmonxonalar vakillari ishtirok etishgan. Mazkur ko‘rgazma Saudiya Arabistoni kompaniyalari uchun umra ziyorati bo‘yicha O‘zbekiston kompaniyalarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatish uchun qulay maydon ekanligi urg‘ulangan.
“Swift News” elektron nashri mavzuni davom ettirib, “O‘zbekiston turistik agentliklari assotsiatsiyasi tomonidan “UzExpo” markazida tashkil etilgan “Ziyorat turizm” ko‘rgazmasini O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati vakili ochib berganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, “Saudi Vision 2030” dasturi hamda haj mavsumida “Podshoh mehmonlari” dasturi ijrosini ta’minlash doirasida Podshohlik tegishli chora-tadbirlarni faol amalga oshirayotgani, xususan, “umra” masumida ziyoratchilar sonini 2030 yilga borib 100 millionga yetkazishni maqsad qilgani ta’kidlangan, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.