Savdo-sanoat palatasi tadbirkorga qanday yordam ko‘rsatdi?

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2019 yilda 22 korxonaga 20 million 694 ming 120 dollarlik mahsulotlarini Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya va Belorus davlatlariga eksport qilish, hamkor topish, shartnoma tuzish, hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashildi. Shuningdek, 76 nafar mahalliy tadbirkorga mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha tijorat takliflarini tayyorlashda ko‘maklashildi.
Viloyatimizdagi 816 nafar tadbirkorni 14 davlatda o‘tkazilgan 22 ta xalqaro ko‘rgazma, biznes forum, seminar va hamkorlik uchrashuvlarida ishtirok etishiga ko‘maklashildi. Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish, xorijiy investitsiya kiritish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy hamkorlar topish maqsadida 3555 nafar tadbirkorga O‘zbekistondagi jami 30 ta ko‘rgazma, biznes forum, seminar va hamkorlik uchrashuvlarda yordam berildi.
Jumladan, boshqarma va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatda 16 ta, Turkiyada 2 ta, Tayland, AQSh, Bolgariya, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiyada biznes forum va 5 ta Osiyo va Yevropa davlatlarining yetakchi kompaniya vakillari bilan hamkorlik uchrashuvlari, Made in Samarkand va “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumi tashkil etish hamda mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini ta’minlash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, investitsiyalar jalb qilish, eksport shartnomalari imzolanishida ko‘maklashildi. Ushbu ko‘rgazma, biznes forum, seminar va hamkorlik uchrashuvlarida jami 1 milliard 75 million 660 ming AQSh dollarlik 112 ta shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Yil davomida 30 tadbirkorga 7 million 954 ming 550 dollarlik texnologik uskunalar topish, shartnomalar imzolash, xarid qilish ishlariga yordamlashildi. 8 ta qo‘shma korxona va 2 ta xorijiy korxona tashkil etilishida jami 6 million 124 ming 730 dollarlik investitsiya kiritilishiga yordamlashildi. 2016-2019 yillarda texnologik asbob-uskunalar import qilgan 1376 mahalliy tadbirkorning uskunalardan samarali foydalanayotgani o‘rganilib, 88 ta korxonada 30 ta muammolar borligi aniqlandi va texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqildi.
Boshqarma tomonidan 2019 yilda Omsk (Rossiya), Grodno (Belarus), Dalian (Xitoy), Shandong (Xitoy), Gujarat (Hindiston) va Hindiston Savdo-sanoat palatasi hamda Keimyung kollej universiteti Startap inkubator markazi (Janubiy Koreya) bilan o‘zaro hamkorlik bitimlari imzolandi.
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi axborot xizmati.