Ona tili uchun jon kuydirmaslik – o‘z onasini unutish bilan teng

Savodxonlik tushunchasi dunyo davlatlarida turlicha belgilanadi. YuNESKOning 1958 yil Parijda bo‘lib o‘tgan 10-sessiyasida barcha mamlakatlarda savodlilik tushunchasini bir xillashtirish maqsadida yozuvni tushunib o‘qiy oladigan va o‘zining kundalik hayotini yozma ravishda imloviy xatolarsiz bayon qiladigan kishilarni savodli hisoblashga kelishilgan.

Ilm-fan rivojlanayotgan, axborot texnologiyalari takomillashib, inson tafakkurining imkoniyati yuksalib borayotgan ayni kunlarda o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina. Ko‘cha yozuvlari, e’lonlar va peshlavhalarda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar shunday muammolarning biridir.

Hozirgi kunda imloviy, uslubiy xatolar bilan yozilgan turli mazmundagi e’lon va reklamalarni har qadamda uchratish mumkin. Masalan, do‘konlardagi “Haridingiz uchun raxmat!” degan yozuvga deyarli e’tibor bermay o‘tib ketamiz. Yoki e’londagi “Boq satiladi” so‘zlarini o‘qir ekansiz, dastlab gap nima haqda ketayotganligini anglab olishga ham qiynalasiz. Ancha mulohaza qilib, bu “jumboq”ning, ya’ni bog‘ning sotilishini anglab yetganingizdan so‘ng kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qolasiz. Ovqatlanish shoxobchalaridagi peshlavhalarda ham “mazzali non, shurbo, samsa, xonim" kabi yozuvlarga o‘rganib qoldik. Davlat tasarrufidagi markaziy shifoxonalardan birida “Xafsizlik hizmati” deya katta-katta harflar bilan yozib qo‘yilganiga izoh topolmadim.

Bir qarashda bu kamchiliklar ahamiyatsizdek tuyuladi, hatto o‘qimishli, ziyoli insonlar ham bunga ko‘nikib qolayotgandek go‘yo.

Ushbu muammoning ikkinchi tomonida o‘sib kelayotgan yosh avlodning savodi masalasi turganini anglamayapmiz. Yorilmagan yaraning vaqt o‘tib azob berishini 2000 yillarning boshlarida Shimoliy Koreyada aholi mana shu reklamalardagi xatoliklar tufayli yoppasiga savodsizlikka yuz tutgani bilan izohlasak o‘rinli bo‘ladi.

Nafaqat peshtaxtalardagi yozuvlarda, balki badiiy adabiyotlar, gazeta va jurnallar, ijtimoiy tarmoqda ham bunday kamchiliklarning uchrashi odamning ta’bini xira qiladi. Atoqli yozuvchilarimizning kirill alifbosida yozilgan asarlarini lotin grafikasida chop etishda ham juda ko‘p imloviy xatoliklar borligi bunga yana bir dalildir.

Dunyoni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, deganlaridek, "bundan ham muhim muammolar bor"ligini ta’kidlayotganlar bu masalaning nechog‘li dolzarb ekanligini chuqur o‘ylab ko‘rsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Adib O‘tkir Hoshimov yozganidek, ona tili uchun jon kuydirmaslik – o‘z onasini unutish bilan tengdir.

Dildora ShERMATOVA,

O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti qoshidagi litsey o‘qituvchisi.