Saxiy odam kimga yaxshilik qiladi: birovgami yoki o‘ziga?
Saxiylik inson shaxsiyatining olijanob fazilatlaridan biri. O‘zgalarning qayg‘usiga nafaqat so‘zda, balki amalda ham sherik bo‘lish, moddiy jihatdan yordam qo‘lini cho‘zish va ruhiy qo‘llab quvvatlash, insonga o‘z tabiati yaxlitligini his qilish imkonini beradi. Chunki ma’naviy tuzilishsiz bizning moddiy hayotimiz ma’nosiz bo‘lib qoladi.
Ilmiy tadqiqotlar ochiqqo‘llik nafaqat insonning ruhi, balki uning tanasi uchun ham foydali ekanligini ko‘rsatdi.
Saxiylik kayfiyatni yaxshilaydi
Buyuk Britaniyalik olimlar saxovatli harakatlar nafaqat yordam olganlarning, balki ulargag‘amxo‘rlik ko‘rsatadiganlarning ham kayfiyatini yaxshilaydi, degan xulosaga keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, boshqalarga beg‘araz moddiy yordam qilish inson miyasidagi mukofot hissi uchun mas’ul bo‘lgan mezolimbik mintaqani faollashtirar ekan. Shu sababli birovga yaxshilik qilgan kishi quvonch kabi energyetik to‘lqin va qoniqishni his qiladi, zavq keltiradigan gormonal o‘zgarishlarni boshdan kechiradi.
Gap shundaki, kimgadir hamdard bo‘lish orqali biz o‘zimizni kuchliroq “deb bilamiz”, ya’ni o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz ortadi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, hatto o‘z hayotimizda uchraydigan qiyin vaziyatlarni muvaffaqiyatli yengib o‘tamiz.
Saxiylik munosabatlarni mustahkamlaydi
Er-xotinlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar bir-birlarini sovg‘alar, kutilmagan hodisalar bilan xursand qilib turadigan oilalar umr yo‘ldoshlariga bee’tibor va jonkuyarlik belgilarini unutib qo‘ygan juftliklarga qaraganda ancha baxtliroq yashashini ko‘rsatdi.
Saxiylik nikohni mustahkam saqlaydigankalitdir. U munosabatlardagi har bir kishi faqat o‘zining qulayligi va foydasi haqida o‘ylaydiganxudbinlikka qarshi kurashda yordam beradi.
Saxiylik muvaffaqiyatga yetaklaydi
Amerikalik olimlar tomonidan ishtirokchilario‘yin davomida muayyan xatti-harakatlarga rioya qilishlari so‘ralgan stol o‘yinlari uyushtirildi.
Tajriba natijalari o‘yin davomida boshqalarga bajonidil yordam bergan va o‘z yutug‘ini baham ko‘rgan ishtirokchilar tez-tez g‘oliblar qatoridan joy olganini ko‘rsatdi. Boshqalarni o‘ylamay, faqat o‘z manfaatini ko‘zlagan boshqa ishtirokchilar tezda mag‘lub bo‘lib, o‘yindan chiqib ketishdi.
Saxiy odam boshqalarga qaraganda ko‘proq yashaydi
O‘tkazilgan tadqiqotlar oliyhimmat odamlar erta o‘lim xavfiga kamroq uchrashini aniqladi.
Bu bog‘liqlik olimlar ishtirokchilarga pul berib, so‘ng ulardan pulning bir qismini xayriya ishlariga berishni so‘rab o‘tkazgan tajriba orqalitasdiqlandi. Shu bilan birga, sub’yektlarning qonidagi kortizol (stress gormoni) darajasi o‘lchandi.
Shunda xayriyaga osonlik bilan pul bergan odamlar hech qanday stressni boshdan kechirmagani, aksincha, xayrli ishi ular kayfiyatini ko‘targani ma’lum bo‘ldi.
Ehson qilishdan voz kechgan boshqa ishtirokchilar haqiqiy stressni boshdan kechirdi, ularning qonidagi kortizol darajasi sezilarli darajada oshib, o‘z egasini “sotib” qo‘ydi. Bu ishtirokchilarga o‘zlarining ziqnaliklari haqidagi fikr noqulaylik tug‘dirgan bo‘lishi ehtimoli katta, chunki ularga yordam berish imkoniberildi, lekin ular bunday hotamtoylikni eplay olmadi.
Saxiy va fidoyi bo‘lish orqali bu dunyoni o‘zgartirish mumkin. Zero, mehribon va saxovatpesha insonlarning qilgan ishlari tufayli dunyo obod bo‘ladi. Jamiyatda yuragi boshqalarning dardiga o‘zinikidek javob beradigan shunday insonlar bor ekan, ertangi kundan umidimiz katta.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.