“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga qo‘shildik

Yurtboshimiz tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlab, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga qo‘shildik.

Avvalo, korxonamiz tasarrufida alohida bog‘dorchilik assotsiatsiyasi tashkil etdik. Assotsiatsiya ixtiyoridagi 600 gektardan ziyod yerda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshladik. Buning uchun mingta oilani qaramog‘imizga olib, shundan 500 dan ortiq kambag‘al oilani kooperativga doimiy ishga oldik va yangi tokzorlar orasini ularga bo‘lib berdik. Ayni kunlarda ular bu maydonlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni boshladi.
Yana 500 oilaga qirq kunda hosil olsa bo‘ladigan bodring urug‘ini tarqatdik. Shuningdek, Samarqand shahrining Qorasuv massivida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar qurilishi ishlariga 100 kishini ishga oldik.

Muhimi, ularning uch oylik oziq-ovqat ta’minoti, dala va qurilish ob’yektiga kelib-ketish xarajatlarini o‘zimiz qoplaymiz.
Biz yangi ish o‘rinlari yaratish uchun yana bir necha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Shulardan biri – Samarqand tumanining tog‘li hududida 2 ming gektarlik intensiv bog‘ barpo etish loyihasidir. To‘liq tomchilatib sug‘orish tizimida tashkil etiladigan bog‘ loyihasi shu yilning oxirigacha amalga oshiriladi va bu yerda 2 ming kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Bu ezgu ishlarga vijdon amri bilan, davlatimiz va xalqimiz oldidagi farzandlik burchimizni bajarish uchun qo‘l uryapmiz. Chunki davlatimiz shuncha imkoniyat yaratib bermaganida, qo‘llab-quvvatlamaganida biz bugun tadbirkorlik faoliyatimizni yo‘lga qo‘ya olmagan, rivojlantirolmagan bo‘lar edik.

Shavkat JALOLOV,
Samarqand tumanidagi “Agromir group” direktorlar assotsiatsiyasi kengashi raisi.