Bugun zamonning o‘zi siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirishni taqozo qilmoqda
Aholining siyosiy xabardorligini oshirish uchun bu gal «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Himmat Oqbo‘tayevga murojaat qildik.
Tahlil, taqqos bo‘lishi uchun partiya raislariga avval berilgan savollar bu gal ham aynan takrorlandi. Ya’ni, Himmat Qo‘chqorovich bilan muloqotimiz ham an’anaviy tarzda bo‘ldi.
- Viloyatimizda 500 nafarga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
- Bugun xalq vakili bo‘lib saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari hamon xalq ishonchini to‘la qozona olgani yo‘q. To‘g‘ri, o‘z vakolatlarini anglab, undan foydalana olayotgan deputatlar talaygina, ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ba’zi joylarda saylovchilar hali-hanuz deputat deganda, saylovlar vaqti va’da berib, keyin yo‘q bo‘lib qoladigan shaxslarni tushunishayotgani bor gap.
Bunga sabab mahalliy kengash deputatlarining o‘z haq-huquqlari va majburiyatlarini to‘la anglab yetmaganligi hamda asosiy ish joyidan ortib, deputatlik faoliyati uchun yetarlicha vaqt topolmasligi deb o‘ylayman.
Yana bir bor ta’kidlab aytamanki, hamma gap deputat o‘z haq-huquqlarini, qonunchilikdagi vakolatlarini bilmasligida. Vijdonan vazifasini bajara olmasligini sezsa-da, o‘z o‘rnini bo‘shatib qo‘ymasligida. Qaysidir tashkilot rahbari deputat bo‘lib olib, necha yildan beri bir tumanda yoki shaharda ishlab kelayotgan boshqa bir tashkilot rahbari oldiga vazifa qo‘ya olmasligida.
- Bundan tashqari, vakillik organiga uning nomzodini qaysidir partiya ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay, ayrim deputatlar hatto o‘sha siyosiy tuzilma bilan ham yaqin hamkorlik qilmaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kungacha biror deputat chaqirib olingan emas. Nima deb o‘ylaysiz, vakillik organlariga mustaqillik berilayotgan bir paytda bu institutni ishlatish ayni muddao bo‘lmaydimi?
- Sirtdan qaraganda shunday ko‘rinadi. Aslida bunday emas. Deputat va uni nomzod sifatida ko‘rsatgan siyosiy partiya o‘rtasida uzviy hamkorlik doimo bo‘ladi.
Chunki deputatlar ishtirokida hal etiladigan vazifalar bo‘ladi, ish rejalar bor va ularni ijro qilish kerak, deputatlar deputatlik faoliyati haqida hisobotlarini partiya hududiy va mahalliy kengashlariga taqdim etib boradi.
«Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a’zosini chaqirib olish to‘g‘risida»gi Qonunning 1-moddasida deputatni chaqirib olish asoslari belgilangan va shunday asoslardan biri deputatning uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi hisoblanadi.
Demak, agar deputat uning nomzodini ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmasa yoki boshqacha qilib aytganda, hamkorlikni to‘xtatsa, o‘sha deputatni chaqirib olish mumkin.
Bugungi deputat avvalgi deputatdan tubdan farq qiladi. Sababi, bugun deputatlarga katta imtiyoz va yo‘nalishlar berildi. Davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiya deputatlarining o‘rni juda katta.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni qamrab olgan ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Demak, deputat partiya bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur va shart.
- Umuman, joriy yilgi saylovlar o‘tgan safargilardan tubdan farq qilishi tabiiy. Mojaritar saylov, hokimlar endi mahalliy kengashlarga rais bo‘lmasligi kabi ko‘plab omillar bunga sabab bo‘lishi shubhasiz. Bunday sharoitda partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat Kengashi siyosiy imtihonlarga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Yoqubjon, to‘g‘ri ta’kidladingiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi jamiyatda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga, saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli
islohotlar amalga oshirildi. Bugun zamonning o‘zi siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, ularning aholi, elektorat bilan muloqotini tizimli yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan saylovchilar ishonchini qozonishimiz, ularning qalbidan joy olishimiz kerak. Hozirgi kunda mamlakatimiz siyosiy partiyalari katta siyosiy va g‘oyaviy tajriba orttirdilar, ichki va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini aniqlab oldilar, bugun ularning dasturlari bir-biridan farq qiladi, siyosiy partiyalar orasida esa sog‘lom raqobat kuzatilmoqda.
Bu islohotlar siyosiy partiyalar, shu jumladan, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining viloyat kengashi oldiga bir qator muhim vazifalarni qo‘yadi. Bu esa bizdan nafaqat dasturiy va saylovoldi partiyalararo kurashning shakl, usul va uslublarini tashkillashtirish, balki eng muhimi, elektoratni ko‘proq tashvishlantirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni chuqurroq o‘rganish, ularning yechimi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish borasida konkret, aniq harakatlarni talab etadi.
Mojaritar saylov tizimidan aralash saylov tizimiga o‘tilishi partiyalar uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki endi saylovchilar nomzodga va partiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berishi partiyalarning jamiyatdagi o‘rni va roli mustahkamlanishiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shu sabab «Adolat» SDP viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga har taraflama mukammal reja asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Partiyamizning fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan hududlar kesimida oliy ta’limda ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish, tibbiyot sohasida, xususan, aholi salomatligi va dori vositalarining narxlarini belgilash, sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘tkazilib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bu kabi ishlar natijasida 2019 yildagi saylovlar arafasida partiya a’zolari 52846 nafarni tashkil etib, 672 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga birlashgan bo‘lsa, bugungi kunda BPT soni 917 ta, partiya a’zolari soni qariyb 112 ming nafarga yetdi.
Bundan tashqari, partiyaning 30 ga yaqin loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida partiyaning xalq orasidagi taniluvchanligi oshib bormoqda. Jumladan, haftaning har chorshanba kuni amalga oshiriladigan «Muammo bilan yuzma-yuz», har seshanba kuni «Siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash - demokratik jamiyat poydevori», shuningdek, «Bir oyda bir ish o‘rni», «Bir adolatchi 100 ayolga himoyachi», «Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida», «Saxovat benazir qadriyat» kabi loyihalar yurtdoshlarimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eng muhimi, «adolat»chilar saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash, aholi, elektorat muammolariga yechim topish, joriy saylovlar yilida zimmamizdagi mas’uliyat yanada oshganligini e’tiborga olib, siyosiy jarayonda ijobiy natijaga erishish uchun faol ish olib borish yo‘lida zarur chora-tadbirlarni belgilab olganmiz.
Shuningdek deputatlikka nomzodlar masalasida xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan, jamiyatimizda hurmat qozongan nomzodlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Eng avvalo, biz deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatiladigan shaxslar yuqori salohiyatga ega, fidoyi bo‘lishi, mas’uliyatli va zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajaradigan bo‘lishiga e’tiborni qaratmoqdamiz.
- Saylov haqida gap ketarkan, tabiiyki, jarayonlar oldidan partiyalar beixtiyor faollashadi. Ayting-chi, ana shu jo‘shqinlikni saqlab qolish mumkinmi?
- Tan olish kerakki, jamiyatda siyosiy partiyalar, ayniqsa, saylovoldi jarayonida faollashadi degan fikrlar mavjud. Ammo bunday fikrlash katta xato deb o‘ylayman.
Sababi, saylovchilarning siyosiy partiyalarga bo‘lgan ishonchi va e’tibori yillar davomida shakllanadi va toblanadi. Shu sababli siyosiy partiyalar o‘z faoliyatida ma’lum bir davrda emas, balki doimiy ravishda faol bo‘lishga, elektorat ishonchi, hurmati va e’tiborini qozonishga harakatda bo‘lishadi.
Albatta, zamon o‘zgardi, tafakkur o‘zgardi, ong-shuur o‘zgardi, hayotga, turmush tarziga munosabat o‘zgardi.
Ilgari rahbarlar idorada o‘tirib kunini o‘tkazgan bo‘lsa, bugun xalq ichida yurib, ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishmoqda, muammolarini yechishga harakat qilmoqda. Endi «ozgina vaqt o‘tsa, bu masala o‘zi hal bo‘ladi», «bu hukumatning ishi», degan qarashlar, «Sen menga tegma, men senga tegmayman», degan eskicha kayfiyatda taraqqiyotning shiddatli karvonida aravaning orqa g‘ildiragi tarzida yurib bo‘lmaydi. Tashabbuskorlik, intilish, fidoyilik ko‘rsatmagan, favqulodda safarbarlik holatida ishlamagan partiya bu karvondan sitilib chiqib, orqada, chang ichida qolib ketadi.
Ha, yeng shimarib, astoydil ishlaydigan vaqt allaqachon kelgan. O‘zgarishlar zamoni, islohotlar davri bizdan shuni talab qilmoqda. Biz, «adolat»chilar bu chaqiriqqa «labbay», deb javob bera oladigan siyosiy kuch ekanligimizni, mamlakatimiz barqarorligi, xalqimiz farovonligi, jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish yo‘lida jips bo‘lib, astoydil xizmat qila oladigan, mavjud muammolar yechimini topa oladigan, ularni bartaraf eta oladigan partiya ekanligimizni amalda isbotlaymiz. Bunga esa mehnat va yana mehnat orqali erishiladi.
- Yaqinda o‘tkazilgan tadbirda partiya yetakchilaridan biri «Biz saylov vaqti raqobatlashganimiz bilan maqsadimiz bir, ya’ni hammamiz viloyatni rivojlantirish, aholi turmushi farovon bo‘lishini istaymiz», dedi. Bu partiya yetakchilari ham o‘zaro raqobatga tayyor emasligini ko‘rsatmaydimi?
Birgina saylovoldi dasturlar va elektorat o‘rtasidagi farq ular masalalar yechimiga turlicha yondashishini taqozo qiladi-ku! Shuning o‘ziyoq raqobat saylovdan keyin ham davom etishini ko‘rsatmayaptimi?
- Raqobat har doim bo‘lishi shubhasiz. Misol uchun, hokimning taqdimiga binoan hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlash mahalliy Kengashlarning asosiy vakolatlaridan biri.
Birgina shu vakolatni amalga oshirishda O‘zLiDeP tadbirkorlar manfaatlari ta’minlanishiga asosiy e’tibor qaratsa, Xalq demokratik partiyasi nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun munosib sharoit bo‘lishi asosiy masala deb biladi.
Yoki deputatlarning mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash vakolatini olaylik. Ya’ni, har bir partiyaning asosiy maqsadi viloyatni rivojlantirish, aholi turmushini farovon qilish bo‘lgani bilan masalalarga qarash, munosabat turlicha bo‘lishi tabiiy.
- Partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda nechaga baholaysiz?
- Aslida partiyaning viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatiga haqiqiy bahoni aholi, saylovchilar beradi.
Albatta, birgina joriy yil hisobida partiyaning «Bir oyda bir ish o‘rni» loyihasi doirasida 183 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashga, 13 nafar xotin-qizga tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun amaliy ko‘mak berildi. Deputatlar tashabbusi bilan 11 kilometrdan ortiq yo‘l ta’mirlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan muntazam xabar olinib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining onko-gematologiya bo‘limida davolanayotgan bemor bolajonlarga viloyat va tuman deputatlarimiz tomonidan bir necha marta homiylik ishlari amalga oshirildi.
Agar shartli ravishda baholaydigan bo‘lsak, qoniqarli, deyish mumkin yoki siz aytgan tizimda shartli tarzda 8 ballga baholash mumkin. Sababi, mavjud imkoniyatlar to‘liq safarbar etilmay qolgan holatlar, partiya e’tiboridan chetda qolgan, yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina.
- Jamiyat hayotida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun partiya viloyat kengashining rejalari qanday?
- To‘g‘ri, o‘tgan yillar davomida partiyamiz tashkiliy jihatdan va siyosiy tomondan jipslashdi, siyosiy maydonda o‘z obro‘ va e’tiboriga ega bo‘ldi. Shu o‘rinda hali partiyamiz oldida dolzarb vazifalar turganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim, deb bilaman.
Biz ilm-fan, sud-huquq, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim sohalari hamda korrupsiyaga qarshi kurashishni takomillashtirish kabi masalalarda islohotlarni davom ettiramiz. Jumladan, tibbiyot sohasida «Aqlli tibbiyot»ni joriy etish. Shifoxonalarga byudjetdan mablag‘ ajratilishini davolangan bemorlar soni asosida amalga oshirish, mablag‘larni kasalliklar profilaktikasiga ko‘proq yo‘naltirish lozim, deb hisoblaymiz.
Shuningdek, dorilar har bir hududda har xil narxda sotilmoqda. Yoki qalbaki dori vositalarining noqonuniy aylanishi va uning insonlar salomatligiga zarari hammamizga ma’lum. Shuning uchun yurtimizga kirayotgan va o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan har bir dori vositasining narxi, ishlab chiqaruvchisi va boshqa ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan elektron baza yaratish zarur.
O‘tgan yillar davomida partiya o‘z oldiga qo‘yib kelayotgan vazifalarning, ilgari surayotgan taklif va g‘oyalarning aksariyati davlat dasturlari, qonun hujjatlaridan o‘rin olib kelayotgani bizni quvontiradi, albatta. Shuningdek, mamlakatimiz rahbarining partiyalar ko‘tarib chiqayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratayotgani, partiyalarga ishonch bildirayotgani bizga faxr bag‘ishlashi bilan birga zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklamoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishni istardimki, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi, uning deputatlik guruhlari hamda 112 ming a’zosi bundan buyon ham «Adolat har bir inson uchun», «Kuch – adolatda» kabi hayotbaxsh g‘oyalar ijrosi yo‘lida xizmat qilishda davom etaveradi.
- Mazmunli suhbat uchun rahmat!
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.