«Milliy tiklanish» partiyasi viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘ryapti?
Joriy yil xalq noiblari saylanishi kutilyapti. Bu jarayonda nomzodlar faqat siyosiy partiyalardan ko‘rsatilishini hisobga olib, bu tuzilmalarning viloyat kengashi raislariga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
Suhbatdoshimiz «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Akbar Axtamov.
- Viloyatimizda 500 nafarga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
- Bugun siyosiy partiyalar va ularning xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida faoliyat olib borayotgan deputatlari ham Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Xalqimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil asosida keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda. Jumladan, bizning partiyamiz va deputatlarimiz ham xalqqa yanada yaqin bo‘lish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish, muammolarga yechim topish borasida bir qator loyihalarni hayotga tatbiq etib kelyapti.
Bular "Deputat bilan yuzma-yuz”, «Uyma-uy», «Xizmat-beminnat» loyihalari bo‘lib, ular orqali partiyamiz deputatlari, faollari o‘z saylovchilari, fuqarolar bilan uchrashib, yaqindan muloqotga kirishyapti, muammolarini o‘rganmoqda. O‘rganilgan masalalar yechimi bo‘yicha mahalliy hokimlikka, tegishliligi bo‘yicha korxona, tashkilot va muassasalarga deputatlik so‘rovlari yuborilib, muammolar ijobiy hal qilinib, kamchiliklar bartaraf etilyapti.
Umuman olganda, aholining aksariyati deputatlarni tanimaydi, degan fikrga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, deputatni hamma ham tanimasligi mumkin.
Chunki xalq noibiga faqat muammosi bor, biror bir masala qiynab kelayotgan mahalla faollari yoki fuqarolar murojaat qilishadi. Deputatlarimiz ham, partiyamiz faollari ham fuqarolar murojaatlarini hech qachon e’tiborsiz qoldirgan emas. Doimo ularning yechimi yuzasidan ish olib borib, zimmalaridagi vazifalarni sidqidildan ado etishga harakat qilib kelishyapti.
Masalan, birgina 2023 yil natijalariga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi 88 nafar deputatimiz tomonidan saylovchilarni qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan 274 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan. Shundan 270 tasi ijobiy hal etilgan, 4 ta masalani hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Partiyaning hududiy va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari tomonidan o‘tgan yil doimiy komissiyalarga 62 ta takliflar kiritilgan, sessiyalarda 41 ta masala ko‘rib chiqilgan.
Qonun va hukumat qarorlari ijrosi bo‘yicha 62 ta deputatlik nazorati olib borilgan, 117 ta mansabdor shaxsning hisoboti tinglangan.
- Vakillik organiga uning nomzodini qaysidir partiya ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay, ayrim deputatlar hatto o‘sha siyosiy tuzilma bilan ham yaqin hamkorlik qilmaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kungacha biror deputat chaqirib olingan emas.
Nima deb o‘ylaysiz, vakillik organlariga mustaqillik berilayotgan bir paytda bu institutni ishlatish ayni muddao bo‘lmaydimi?
- Bunday holat oldingi yillarda bizning partiyamizdan saylangan deputatlar bilan kuzatilgandi. Ayrim deputatlar saylov o‘tgandan so‘ng partiya bilan aloqani mutlaqo uzib qo‘ygandi.
Kuzatilgan bunday holatlarni deputatning mas’uliyatsizligi bilan izohlash mumkin. Chunki har bir deputat o‘zi saylangan partiya oldida hisobdor ekanligini unutmasligi kerak. Ertaga deputatning ishiga qarab, nafaqat unga, balki uning nomzodini ilgari surgan partiyaga ham baho beriladi.
2014 yil bo‘lib o‘tgan saylovda bizning partiyamizdan xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylangan deputatlar soni 103 nafar edi. Lekin 2019 yilga kelib ularning soni 93 taga tushib qoldi. Shu vaqt oralig‘ida 8 nafar deputatimiz partiya bilan yaqin aloqada bo‘lmagani, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani va saylovchilari ishonchini oqlay olmagani bois qonunchiligimizga muvofiq muddatidan oldin tegishli tartibda deputatlikdan chaqirib olingandi.
Keyingi davrda partiyamiz tomonidan birorta ham deputatni muddatidan oldin chaqirib olish amaliyoti qo‘llanilmadi. Chunki ularning barchasi partiya bilan yaqin hamkorlikda, o‘zlari saylangan hududlarda imkoniyati darajasida ish olib boryapti.
Endi deputatning partiya bilan mustahkam aloqa o‘rnatmayotganiga kelsak, ehtimol bizning qonunchiligimizdagi ayrim bo‘shliqlar bunga sabab bo‘layotgandir. Masalan, qonunchiligimizda partiyaga a’zo bo‘lmagan fuqaroni ham siyosiy partiyalar deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Axir partiya bilan yaqin aloqada bo‘lmagan, uning maqsad va vazifalarini yaxshi bilmagan, saylovoldi platformasidan bexabar odam qanday qilib saylovdan so‘ng partiya bilan birdan yaqin bo‘lishi, hamkorlikda ish olib borishi mumkin? Ehtimol, shu narsa aloqaning uzilishiga olib kelayotgandir. Bu albatta, shaxsiy fikrim. Bilmadim, boshqalar bu holatni qanday, nima bilan izohlaydi?
- Umuman, joriy yilgi saylovlar o‘tgan safargilardan tubdan farq qilishi tabiiy. Mojaritar saylov, hokimlar endi mahalliy Kengashlarga rais bo‘lmasligi kabi ko‘plab omillar bunga sabab bo‘lishi shubhasiz. Bunday sharoitda partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Darhaqiqat, qonunchiligimizga muvofiq, joriy yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovini yangicha tartibda, ya’ni Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Ayni paytda joylarda partiya faollari va deputatlarimiz tomonidan yangi tizim tartib-tamoyillari haqida aholiga tushuncha berilmoqda.
Saylovchilar yurtimizdagi 5 ta siyosiy partiyaning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishib chiqqach, o‘zlariga manzur bo‘lgan siyosiy kuchning nomzodlari uchun ovoz berib, ularni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘ylaymanki, partiya viloyat kengashining bu boradagi natijalari yomon bo‘lmaydi, biz oldingi saflardan joy olishimiz uchun bor imkoniyatimizni safarbar etamiz.
Zotan, saylovchilar nomzodlarimiz va partiyamizga ovoz berib, mamlakatni taraqqiy ettirishning eng hayotiy yo‘lini tanlashiga ishonaman.
Mamlakat taqdiri uchun jon kuydirgan har qanday inson agar dasturlarimiz bilan yaqindan tanishsa, «Axir bu mening g‘oyalarimku, mening partiyam shu ekan», deyishiga shubha yo‘q.
- Saylov haqida gap ketarkan, tabiiyki, jarayonlar oldidan partiyalar beixtiyor faollashadi. Aytingchi, ana shu jo‘shqinlikni saqlab qolish mumkinmi?
- Nima uchundir yurtdoshlarimizning aksariyati shu fikrni bildirishadi. Lekin men bunday deb o‘ylamayman. Chunki siyosiy partiyalar saylovda ham, saylovdan keyin ham bir maromda ish olib borishadi. Partiyalar saylov payti faollashadi, undan keyin ularning harakati susayib qoladi, degan qarash mutlaqo noto‘g‘ri.
Bunday qarashning shakllanishiga fuqarolardagi yondashuv sabab, deb o‘ylayman. Negaki, saylov jarayonlari boshlangach fuqarolarning siyosiy faolligi oshib, partiyalarni kuzata boshlaydi. Saylovdan keyin esa ulardagi ana shu faollik susayib, partiyalar faoliyatini kuzatmay qo‘yadi. Oqibatda yuqoridagidek fikr paydo bo‘ladi.
Umuman, har bir siyosiy partiyaning jamiyatdagi mavqei, nufuzini saylov jarayoni belgilab beradi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham joriy yilning oktyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozonish uchun astoydil intilmoqda.
Partiyamiz o‘tgan 5 yil mobaynida xalqimizga yanada yaqin bo‘lishga, deputatlarimiz saylovchilar ishonchini qozonishga harakat qildi. Buning uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari aholi bilan ko‘proq sayyor qabullar o‘tkazib, ularning dardini tingladi, imkon qadar muammolarini yechishga harakat qildi. Bu esa aholining partiyaga, deputatlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi, deb o‘ylayman.
- Yaqinda o‘tkazilgan tadbirda partiya yetakchilaridan biri “Biz saylov vaqti raqobatlashganimiz bilan maqsadimiz bir, ya’ni hammamiz viloyatni rivojlantirish, aholi turmushi farovon bo‘lishini istaymiz”, dedi. Bu partiya yetakchilari ham o‘zaro raqobatga tayyor emasligini ko‘rsatmaydimi?
- To‘g‘ri, partiyalar o‘rtasidagi raqobat nafaqat bizda, balki butun dunyo tajribasidan ham kelib chiqib aytish mumkinki, ko‘proq saylovlarda kuzatiladi. Boshqa paytlari deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Chunki aynan shu jarayonda partiyalar hokimiyat uchun kurash olib borishadi. Boshqa paytlari esa o‘z dasturiy maqsad va vazifalari ijrosini ta’minlash, elektorati manfaatlarini himoya qilish, yurtimizda kechayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashadi.
- Partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda nechaga baholaysiz?
- Inson hech qachon o‘zining ishiga o‘zi baho bermaydi. Uning faoliyatiga atrofdagilar, xalq baho beradi. Partiyamiz va deputatlarimizning qanday ish olib borayotgani, saylovchilarning ishonchini nechog‘li qozona olgani shu yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda yaqqol ko‘rinadi. Siyosiy jarayonning yakuniy natijalariga qarab o‘z faoliyatimizga, ishimizga baho bersak, menimcha to‘g‘ri bo‘ladi.
- Jamiyat hayotida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun partiya viloyat kengashining rejalari qanday?
- Kezi kelganda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishim kerak, davlatimiz rahbari 2021 yilning 2 fevral kuni siyosiy partiyalar bilan o‘tkazgan uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rni katta ekanligiga urg‘u berib, hududlarni kompleks rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan keng qamrovli dasturlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar deputatlaridan fidoyilik hamda mas’uliyat talab qilishini bildirgandi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar o‘z deputatlari orqali joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganishi, ularning yechimi bo‘yicha takliflar berishi, ayniqsa, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligini qayd etgandi.
Shundan kelib chiqib, partiyamiz faollari, deputatlari ko‘proq xalqning orasida bo‘lishga, ularning dardini tinglashga, mavjud masalalarga yechim topishga, shu yo‘l orqali odamlarni rozi qilishga astoydil harakat qilyapti.
O‘z faoliyatini yangicha asosda tashkil etayotgan partiyamiz faollari, deputatlar va xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan talablar, partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratyapti.
Bugun yurtimizda bir nechta siyosiy kuchlarning faoliyat ko‘rsatayotgani jamiyatimizda sog‘lom raqobatni vujudga keltirib, ularni saylovlarda chinakam kurashga chorlashi shubhasiz. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham bu jarayonda faol ishtirok etib, el nazarida bo‘lishga, chin ma’noda xalq partiyasiga aylanishga astoydil harakat qilmoqda.
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.