Siyosiy imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti?
Bu yil xalq noiblari saylanishi kutilyapti. Bu jarayonda nomzodlar faqat siyosiy partiyalardan ko‘rsatilishini hisobga olib, bu tuzilmalarning viloyat Kengashi raislariga bir necha savollar bilan murojaat qildik. Ilk suhbatdoshimiz O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi raisi Baxtiyor Abdullayev.
- Viloyatimizda 500 nafarga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
- Saylovchilarning deputatlarni tanimasligining sabablari turlicha. Avvalo, aholining qaysidir qismining e’tiborsizligi yoki loqaydligi bo‘lishi mumkin. Chunki odamlar orasida nafaqat deputat, balki o‘zining rahbari yoki hokimlarni tanimaydiganlar uchraydi.
Albatta, xalq bilan kam uchrashadigan deputatlarimiz ham bor. Yana bir sabab, ko‘pincha deputat uchrashuvga borganda mahalladagi faollardan boshqalari kelmasligi kuzatiladi. Qachonki boshiga bir ish tushsa yoki nimadir kerak bo‘lsagina deputatni axtarib qoladiganlar bor.
Menimcha, aksariyat saylovchilar taniydigan deputat albatta, nafaqat aholi bilan uchrashuvga chiqishi, balki matbuot orqali, televideniye, radio, gazeta va turli ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko‘rinib turishi kerak.
- Vakillik organiga uning nomzodini qaysidir partiya ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay, ayrim deputatlar hatto o‘sha siyosiy tuzilma bilan ham yaqin hamkorlik qilmaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kungacha biror deputat chaqirib olingan emas.
Nima deb o‘ylaysiz, vakillik organlariga mustaqillik berilayotgan bir paytda bu institutni ishlatish ayni muddao bo‘lmaydimi?
- Siyosiy partiyalar bilan aloqani uzgan deputat? Bizda bunaqasi yo‘q, lekin faolligi sust bo‘lganlari uchraydi, ularga ham tushuncha berilib, tarbiyaviy ahamiyatga ega choralar ko‘riladi, hisobotlari tinglanadi.
- Umuman, joriy yilgi saylovlar o‘tgan safargilardan tubdan farq qilishi tabiiy. Mojaritar saylov, hokimlar endi mahalliy Kengashlarga rais bo‘lmasligi kabi ko‘plab omillar bunga sabab bo‘lishi shubhasiz. Bunday sharoitda partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Albatta, saylov tizimidagi o‘zgartirish va yangi tartiblar har bir partiyaga o‘ziga xos mas’uliyat yuklaydi. Avvalo, nomzodlarning munosiblarini tanlash, partiyaning imidjini shakllantirish va takomillashtirish zarur. Bu borada rejali ishlar, tadbirlar olib borilmoqda. Hozirgi saylovchilarimiz avvalgilaridan farqli o‘laroq juda faol va o‘zlarining qat’iy fikrlari, dunyoqarashi shakllangan.
- Saylov haqida gap ketarkan, tabiiyki, jarayonlar oldidan partiyalar beixtiyor faollashadi. Aytingchi, ana shu jo‘shqinlikni saqlab qolish mumkinmi?
- Saylov oldidan partiyalar faollashishi tabiiy. Demak, tabiiy ravishda doimiy saylov, ya’ni musobaqa, bahs davomli bo‘lishi kerak. Bunda ma’lum muddat, start, davomiylik va yakuniy xulosalar beriladi.
- Yaqinda o‘tkazilgan tadbirda partiya yetakchilaridan biri «Biz saylov vaqti raqobatlashganimiz bilan maqsadimiz bir, ya’ni hammamiz viloyatni rivojlantirish, aholi turmushi farovon bo‘lishini istaymiz», dedi. Bu partiya yetakchilari ham o‘zaro raqobatga tayyor emasligini ko‘rsatmaydimi?
- Bu savolni suvni loyqalatish deb tushunish mumkin. Chunki o‘sha tadbirda ko‘rilgan masalaning mavzusi aniq edi. Tadbirda qatnashganingizda (masalaning mohiyatiga yetmasdan, chala eshitgan holda emas) bu savolni bermagan bo‘lar edingiz. Chunki masala kengash faoliyati va deputatlar sifat tarkibi haqida edi, partiyalar va ularning raqobati haqida emasdi. Partiyalar orasidagi raqobat saylovda ham, saylovdan keyin ham davom etadi. Raqobat yo‘q joyda rivojlanish to‘xtaydi. Lekin xalq deputatlari Kengashi faoliyatida partiyalar raqobati emas, ko‘riladigan masala yechimiga ko‘proq e’tibor qaratiladi va bunda deputat faoliyatiga baho berilishi mumkin. Shu sababli qaysi partiyadan deputatlikka nomzod ko‘rsatilsa ham uning faolligi, xalqparvarligi va masala yechimida bilimi bor kishini saylash kerakligi aytildi. Ya’ni, bunda qaysi partiyadan ekanligi muhim emas, deyildi.
- Partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda nechaga baholaysiz?
- Bunday baholash tizimi borligini bilmadim, lekin hali imkoniyatimizdan to‘la foydalana olganimiz yo‘q va bu borada ko‘p ishlashimiz kerakligini bilaman.
- Jamiyat hayotida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun partiya viloyat kengashining rejalari qanday?
- O‘zbekiston ekologik partiyasining dasturi, ustavi va saylovoldi dasturlarida bir qator rejalar, vazifalar keltirilgan. Biz shu asosda ish olib boramiz. Eng asosiysi, «Biz kelajak uchun javobgarmiz» shioriga munosib ishlarni amalga oshiramiz.
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.