Saylov o‘tdi. Sizning fikringiz…
Markaziy hukumat saylov demokratik o‘tishi uchun maksimum harakat qildi. Masalan:
- majburiy mehnatga o‘rin qoldirmaslik choralari ko‘rildi. Chunki oldingi saylovlardan ko‘ra, 8 barobar ko‘p pul ajratildi;
- zamonaviy tajribalarni eksperiment qilib ko‘rishdan cho‘chimadi. Birgina, Samarqandda 4 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari onlayn translatsiya qilindi. Bitta uchastkada saylovchilar biometrik belgilari tasdiqlansa, byulleten berildi.
- saylovchilarga ovoz berishi uchun maksimum sharoit yaratildi: a) boshqasini bilmadim, bizning qishloqda o‘zi qatnamaydigan avtobus saylov kuni bepul qatnadi. b) ko‘zi ojizlar uchun Brayl alifbosida byulleten chiqarildi;
- fuqarolarga O‘zbekistonni, hatto dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’iy nazar saylovda qatnashishi uchun imkoniyat yaratildi. Katta mablag‘ va potensial sarflanib, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi.
- saylov shaffof o‘tishi uchun barcha yetarli sharoit yaratildi. Masalan, hech kimni negativ axboroti uchun “melisa" kallasini qotirmadi. “Yavka” 70 gayam yaqinlashmagani ro‘y-rost aytildi.
Qonunbuzilishlar bo‘yicha prokuratura har holda axborot berayapti.
ANA ENDI YuZAGA KELGAN MUAMMOLAR TO‘G‘RISIDA
Nega qonunbuzilishlar bo‘ldi?
Aslida buniyam to‘g‘ri qabul qilish kerak. Negaki, eng demokratik davlat – AQShda Trampning prezidentlikka saylanganligidan shubhalanilmoqda. Demak, bizdayam deputatlarni saylashda qonunbuzilishi mumkin.
Kuzatishlarimga ko‘ra, mahalliy boshqaruv organlari ochiqlik bu darajada bo‘lishini kutmagandi. Ularni ssenariysi ovoz berish jarayonlarida ko‘rinib qoldi.
Qolaversa, chinovniklar ovozlarni sanab chiqishda kuzatuv avval ham bo‘lgan va o‘sha nuqtalarda adolatli sanalgan, bu safar ham shunaqa bo‘ladi, deb adashishdi.
ENG MUHIMI, JAMOATChILIK NAZORATI KUChLI BO‘LGANDA BU SAFAR saylov natijalari butunlay boshqacha bo‘lardi. Afsuski, aholida, ayniqsa, jurnalistlarimizda (shu jumladan, kaminada ham) jur’at yetishmadi. Va ko‘plab kamchiliklar kuzatildi.
Baribir, yangi saylovlar - yangi O‘zbekiston sari dadil qadam bo‘ldi. Jamoatchilik nazorati nega kerakligini, uni amalga oshirish mumkinligi judayam ko‘pchilik, ayniqsa, bu borada oldingi safda turishi kerak bo‘lgan jurnalistlar yaqqol anglab yetishdi.
Demak, endi to‘xtamaymiz (yoki “uxlamaymiz”), ENDI FAQAT oldinga qarab intilamiz!
Bu yo‘lda hamyurtlarimizga muvaffaqiyat tilayman.
Yo.GADOYeV.