Saylovga oid tartib-taomillar: Bu galgi jarayonda qanday yangiliklar bor?
Xabaringiz bor, joriy yilning 26 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasi va Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, saylovlar shu yil 27 oktyabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.
Bu yilgi saylovlar ilgarigi saylovlardan birmuncha farq qiladi. Chunki 2023 yil 30 aprelda umumxalq ovoz berish, ya’ni referendum yo‘li bilan qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda saylov tizimini takomillashtirishga va yanada demokratlashtirishga qaratilgan qator normalar musatahkamlandi. Jumladan, saylovlarni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimda muhim o‘zgarishlar qilindi. Mazkur o‘zgarishlar Saylov kodeksining 11-moddasida mustahkamlandi. Unga muvofiq, saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi: Markaziy saylov komissiyasi;
hududiy saylov komissiyalari;
tuman va shahar saylov komissiyalari;
xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;
uchastka saylov komissiyalari.
Muxtasar qilib aytganda, saylov qonunchiligidagi asosiy o‘zgarishlar quyidagilarda o‘z ifodasini topdi:
Birinchidan, viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida 80 kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning 12–18 nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda 5 yil muddatga hududiy saylov komissiyalari tuziladigan bo‘ldi. Shu tariqa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechildi hamda ularning vazifalari hududiy saylov komissiyalariga yuklatildi. Endi okrug saylov komissiyalari faqatgina xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuziladi.
Yangilangan Konstitutsiyamiz qabul qilinishidan avvalroq, aniqrog‘i, 2021 yilda, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha ham okrug saylov komissiyalarini tuzish amaliyoti bekor qilingan va ularning vazifalarini bajarish tegishli tuman, shahar saylov komissiyalari zimmasiga yuklatilgan edi.
Ikkinchidan, saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosining doimiy faoliyat yuritishi belgilandi.
Uchinchidan, saylov komissiyalarini shakllantirish tartibida ham o‘zgarishlar qilindi. Xususan, hududiy saylov komissiyalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman va shahar saylov komissiyalari esa hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi (ilgari ular xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tuzilar edi). Shuningdek, okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari ham hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
To‘rtinchidan, saylov okruglarini tuzishga oid qoidalar takomillashtirildi. Jumladan, Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun tuziladigan saylov okruglari sonining eng yuqori miqdori belgilangan bo‘lib, okruglar sonining aniq miqdori ko‘rsatilmagan edi. Bugungi kunda Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holda aniq belgilab qo‘yildi; saylovchilar ro‘yxatining dolzarbligi va aniqligini doimiy ravishda ta’minlash maqsadida saylov okruglari va uchastkalari har 5 yilda bir marta tuzilishi belgilandi.
Beshinchidan, qonunchilikda hududiy saylov komissiyalarining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Bunga ko‘ra, hududiy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari faoliyatini boshqaradi. U xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi, chegaralarini, saylovchilar soni, saylov okruglarining ro‘yxatini e’lon qiladi, tuman, shahar saylov komissiyalarini, shuningdek xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzadi hamda ularning tarkibi va joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi, okrug saylov komissiyalari faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Oltinchidan, qonunchilikda okrug saylov komissiyasini shakllantirish tartibiga oid normalarga o‘zgartishlar kiritildi. Bunga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining reglamentida belgilangan tartibda uning majlisida muhokama qilinadi hamda tegishli viloyat, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Bunda xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risidagi qarori ikki ish kuni ichida hududiy saylov komissiyasiga yuboriladi. Okrug saylov komissiyasi hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida 70 kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning 6-8 nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi. Okrug saylov komissiyasining tarkibi, joylashgan manzili va telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi.
Yettinchidan, respublikamizda saylovlar birinchi marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.
Yana bir e’tiborli yangilik, 50+1 o‘rniga nisbiy ko‘pchilik tamoyili joriy qilindi. Endi nomzodlar orasidan eng ko‘p ovoz olgani saylangan hisoblanadi. Bu saylovlarda 2-turga ehtiyoj qoldirmaydi, har bir ovoz uchun nomzodlarning kurashini keltirib chiqaradi va demokratik saylov jarayonini jonlantiradi.
Sakkizinchidan, saylov qonunchiligida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, saylov komissiyalari binosiga kirish joyida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘rindiqli aravachalarga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) bo‘lishi va ular belgilangan talablarga mos bo‘lishi kerakligi ilgarigi qonun normalarida ham nazarda tutilgan edi. Endi agar binoga kirishda nishab yo‘laklarini o‘rnatish imkoni bo‘lmasa, kirish joyida “yordamga chaqirish” tugmasi o‘rnatilishi lozimligi belgilandi va hokazo.
Shunday qilib, saylov qonunchiligimizga yuqoridagi va boshqa yana bir qancha o‘zgarishlar kiritilib, bular fuqarolarning saylov huquqini kafolatlash, saylov qonunchiligimizni xalqaro standartlarga yanada moslashtirish, saylovlarning asosiy ishtirokchisi bo‘lmish siyosiy partiyalarning rolini oshirishga qaratilganligi bilan e’tiborli.
Haydarali MUHAMEDOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori.