Sayohatnoma: Malayziya - o‘rmon ichidagi afsonaviy mamlakat

Malayziya - Janubiy-Sharqiy Osiyodagi federativ islom davlati. Poytaxti – Kuala-Lumpur shahri. Hududini Janubiy Xitoy dengizi ikkiga ajratib turadi. Ya’ni, G‘arbiy Malayziya - Malakka yarim orolining janubida, Sharqiy Malayziya - Kalimantal orolining shimoliy qismida joylashgan. Umumiy maydoni - 332,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi - 33 million kishi. 1992 yildan O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan. Pul birligi – ringgit (1 ringgit 2500 so‘m). Malayziya kauchuk, palma yog‘i, qalay eksporti bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlardan birida turadi.
Malayziya afsonaviy mamlakat. Bunday deyishga ushbu mamlakatning geografiyasi, iqlimi va tabiatiga xos landshafti, o‘simlik dunyosi sabab bo‘ldi. Ehtimol, odamlarining bizga bo‘lgan munosabati ham bunga turtki bo‘lgandir. Odatda biz, o‘zbeklar o‘zimizni mehmondo‘st deb bilamiz. Biroq ularning bizga ko‘rsatgan mehmondo‘stligi biznikidan-da, oshib tushdi. Malayziyada 15 kun bo‘ldik, ularning biror kun bizni mehmon sifatida siylamaganini eslay olmayman. Dam olish kunlarini-ku qo‘yavering, ular bizlar uchun maxsus sayyohatlar uyushtirdi.
Sayohatimiz davomida Malayziyaning uchta shahri - Kuala-Lumpur, Putrajaya va tarixiy Malakka shaharlariga, dengiz sohillariga va Malayziyaning an’anaviy arxitekturasi namunalari mujassam bo‘lgan Seri-Menanti Qirollik saroyiga sayohat qildik.
Ushbu joylarda arxitektor sifatida magistral avtomobil yo‘llarining o‘ta yuqori tartib va jahon standartlari talablari darajasida qurilganligini, yo‘llar atrofi va magistrallardagi yuqori sifatga ega landshaft yechimlarini, bizdagi kabi tekshiruv postlari va davlat avtomobil nazorati xodimlarining yo‘qligini, yo‘llarning ravon va tekisligini ko‘rdim. Ushbu yo‘llar bo‘ylab mototsikllar ham harakat qiladi. Ular mashinaga qaraganda tezroq va erkin harakatlanar ekan.
Yo‘llar chetiga bir xil o‘lchamda palma, papaya, kokos va boshqa mahalliy mevali daraxtlar ekilgan. Hammayoq yam-yashil daraxtzor, uzoqlarda ko‘rinadigan tog‘ va qirlar ham yashil, go‘yo butun mamlakat yashillikka burkangandek. Buning sababi mamlakat doim 28-30 daraja issiq, nam ekvatorial tropik iqlimga ega ekanligida hamdir.
Malayziya dunyoga ochiq mamlakat, ular o‘zga dindagilarga bag‘rikeng, toleriant xalqdir. Biz Malayziyaga xitoylar, inglizlar, portugallar, hindlar, pokistonliklar ta’sirini ko‘rdik. Hamma yerda ularning koorporatsiyalari, kvartallari, savdo kompaniyalari va qurilish komplekslari ko‘zga tashlanadi. Har bir mamlakatdan kelganlar o‘z milliy kiyimlarida kiyinadi, urf-odatlari bo‘yicha yuradi, ibodat qiladi. Shu bilan birga Prezident ham, mamlakat xalqi ham dunyo tili - ingliz tilini yaxshi biladi. Shu bois xorijiy investorlar uchun Malayziyada til muammosi yo‘q.
Bu yurtda bizdagidek Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar juda kam. O‘lka o‘zining boy tarixiy arxitekturasi va shaharlariga ega emas. Biroq ular bizga o‘zlarining o‘rta asrlar va o‘tmishda mahalliy xalqi qurgan va yashagan turar-joylari va saroylarini ko‘rsatishdi. Ularda aholi yashamaydi, bu joylar ochiq osmon ostidagi etnopark-muzey tarzida turistlarga ko‘rsatish uchun saqlanmoqda, xolos.
Malayziyaning zamonaviy arxitekturasi va shaharsozligi O‘zbekistonnikidan tubdan farq qiladi. Osmono‘par binolar, ularning ostidagi garajlar, supermarket va gipermarketlar, tungi nurli ponoramalar, shahar osma transport yo‘llari, harakatlanuvchi trotuarlar, shaharning landshaft dizayni va floristikasi o‘ta o‘zgacha.
Kuala-Lumpurni ikkinchi Dubay desak xato qilmaymiz. Farqi shuki, u sahro va suv ichidagi emas, o‘rmon ichidagi shahardir. Darvoqe, hozirda Kuala-Lumpurda balandligi bo‘yicha Osiyo mamlakatlari ichida eng baland ofis binosi qurilmoqda.
Nilay shahrida biz O‘zbekistondan o‘qishga borgan talabalarni ko‘rdik. Ularning sharoitlari yaxshi, biroq kontrakt to‘lovi qimmat – bir o‘quv yili uchun 3 ming dollar. Agar oliy o‘quv yurtlarida bakalavr yo‘nalishidagi tahsil muddati 3 yil ekanligini e’tiborga olsak bu yomon emas. Ba’zi universitetlar qoshida maxsus litsey-maktablar bor. Har bir oliygohning laboratoriyalari, o‘z nashriyoti, ishchi mashinalari va avtobuslari mavjud.
Malayziyaliklar ko‘proq tovuq, mol, qo‘y go‘shti va baliq hamda dengiz jonivorlarini iste’mol qiladi. Ular non o‘rniga guruchni suvga qaynatib, ovqatingiz yoniga alohida qo‘shib berishadi.
Yoshi oltmishdan oshganlarga nafaqaga chiqishni taklif qilishar ekan, lekin ular mutaxassis sifatida ishda qolishni xohlasa bunga qarshilik qilmas ekan.
Safarimiz davomida Malayziya islomiy fanlar universiteti (MIFU)da “O‘rta Osiyo islom arxitekturasi va shaxarsozligi tarixi, arxitekturaviy naqshlar va shakllar uyg‘unligi” mavzusida talabalarga 8 soatlik dars mashg‘ulotlari olib bordik. Bundan tashqari, SamDAQI va MIFU o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda mutaxassislar (bakalavr, magistr va arxitektura bo‘yicha falsafa doktorlarini) tayyorlash, o‘quv jarayonlarini o‘zlashtirish va tajribalarni o‘rtoqlashish, xalqaro tan olingan ilmiy jurnallarda maqolalar nashr ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Eng muhimi, Malayziyadagi ijtimoy-iqtisodiy rivojlanish, ayniqsa arxitektura yutuqlari va sohadagi boy tajribalarni Samarqandning nafaqat shaharlari, balki olis tuman, mahalla, qishloqlarida ham joriy etishni o‘zlashtirdik.
Ahtam O‘ROLOV,
me’morchilik fanlari doktori, professor.