Sayyor qabul: muammo, muhokama, yechim

Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov va ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev Payariq tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

-  Sud-huquq islohotlari bo‘yicha murojaatlar aksariyat hollarda joyida hal bo‘lmaydi, - dedi Olim Hayitov. - Chunki, har bir murojaat tegishli tartibda, shuningdek ayrimlari sud tartibida o‘rganilishi, ayrim murojaatlar ko‘rilayotgan ish hujjatlariga qo‘shilishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda, bugungi sayyor qabulda va umuman sud organlariga murojaat qilganda amaldagi tartiblarni tushunish kerak. Shu ma’noda, mazkur sayyor qabulda ham murojaatlarni imkon qadar joyida hal etishga harakat qilamiz. Lekin vaqt, jarayon talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha tushuntirish berib, ijrosini nazoratga olamiz. Muhimi, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi.

Fuqarolar qabuli davomida 50 ga yaqin fuqaro muammolariga yechim izlab murojaat qildi.

- Nabiram uyda tug‘ilgan, “roddom”ga bormagan. Endi sarsonmiz, - dedi Sanobar Miralimova. - FHDYoga borsak, “roddom”dan qog‘oz so‘raydi, “roddom”ga borsak, bizda tug‘ilmagan, ro‘yxatdan o‘tmagan, hujjat berolmaymiz, deydi. Shu yugur-yugurlar bilan bolamiz 6 yoshga kiryapti. Hujjati yo‘q. Hademay maktabga borishi kerak. Nima qilishga boshim qotgan?

Viloyat sudi raisi onaxon bilan suhbatlashib, barcha ma’lumotlarni o‘rgandi. Shuningdek, tumandagi mutasaddi rahbarlar bilan shu joyning o‘zida gaplashdi, masalani muhokama qildi. Xullas, Sanobar Miralimovaga eng to‘g‘ri va eng oson qonuniy yo‘l tushuntirildi. Shu bilan birga, tumandagi mutasaddi idoralarga shu masalani tez kunda qonuniy hal etishga ko‘maklashish tavsiya etildi. 

Xuddi shunday yana 32 nafar fuqaro turli masalalarda murojaat qildi. Aliment, nikoh, uy-joy, fermerlik faoliyati bilan bog‘liq masalalarda murojaat bo‘ldi. Murojaatlarning har biriga alohida e’tibor qaratildi, ijobiy yechim topishiga harakat qilindi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 8 nafar fuqaro sayyor qabulda viloyat sudi raisiga murojaat qildi. Ular qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. 

Sayyor qabul davomida tashkil etilgan sayyor sudda bu murojaatlar alohida-alohida ko‘rib chiqildi va ijobiy hal etildi.