Sayyoralarni qanchaga sotib olish mumkin? Yerning narxi - 5 kvadrillion
Narxlarni hisoblash uchun harorati, yoshi, vazni va boshqa omillarni hisobga oladigan maxsus formula ixtiro qilindi.
Santa-Kruz shahridagi Kaliforniya universiteti astronomiya va astrofizika kafedrasi assistenti Greg Laflin tomonidan g‘ayrioddiy tadqiqot o‘tkazildi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yerning narxi besh kvadrillion dollarga teng.
Bunday taxmin bilan Sayyora Quyosh tizimida ma’lum bo‘lganlarning eng qimmatiga aylandi. Taqqoslash uchun: olimning fikriga ko‘ra, Mars sayyorasining narxi atigi 16 ming dollarni tashkil etdi. Marsning arzonligi hayot rivojlanishi uchun deyarli yaroqsiz ekanligi bilan bog‘liq. Venerani atigi bir sentga sotib olish mumkin ekan.
Astronomiya ob’yektining yoshi qanchalik katta bo‘lsa, qiymati ham shunchalik ko‘tariladi. Chunki sayyora harorati yoki chiqaradigan energiya miqdori orqali “yetilish” va xususiyatlarni yaxshilash imkoniyatiga ega. Keyin ob’yektning massasi va uning hajmi hisobga olinadi. Qoida tariqasida, agar sayyora taxminan Yerning xususiyatlariga teng keladigan bo‘lsa, uni yaxshi va qimmat, deb hisoblash mumkin.
Laflin hammasi bo‘lib 1200 dan ortiq astronomik ob’yektlarni o‘rgangan. Ammo ularning aksariyati ob-havosi, og‘ir iqlimi tufayli yuqori narxni ololmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 80 million dollarlik sayyoralar batafsil o‘rganishga loyiq. Arzonroq turadiganlari esa o‘rganishga arzimaydi.
Bahora tayyorladi.