Sektor rahbari bog‘chani ta’mirlash tashabbusi bilan chiqdi

Sektor rahbarining o‘zi ham bu borada tashabbus bilan chiqib, Ilm mahallasidagi 51-maktabgacha ta’lim muassasasini hashar yo‘li bilan mukammal ta’mirlashga kirishildi.
– Mahallamizdagi 927 xonadonda 5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi Ilm mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Folib Ro‘ziyev. – Tabiiyki, oilalarimizda yosh bolalar ko‘pchilik va bog‘chaga talab yuqori. Ammo hududimizdagi 51-maktabgacha ta’lim muassasasidagi sharoit ota-onalarni qoniqtirmagani uchun tarbiyalanuvchilar soni keskin kamayib ketayotgan edi. Keyingi paytda 50 nafargina bola muassasaga qatnardi. Joriy yilning fevral oyi boshida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, sektor rahbari muassasa faoliyati bilan tanishgach, bu yerni hashar yo‘li bilan ta’mirlashga o‘zi bosh bo‘lishini aytdi va ishlar boshlab yuborildi. Hozirda qurilish, ta’mirlash ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Bu jarayonda "Go‘zalkent dostoni" davlat unitar korxonasi quruvchilari bilan birga ichki ishlar idoralari xodimlari, hududdagi fermer va tadbirkorlar, aholi faol qatnashmoqda.
Qurilish-ta’mirlash ishlari loyihasiga ko‘ra, muassasa 180 o‘ringa mo‘ljallanmoqda. Bog‘cha binolari va hovlida bolalar uchun qulay va xavfsiz, bugungi kun talablariga javob beradigan sharoit va qulayliklar  yaratiladi.

– 33 yil ushbu muassasada faoliyat olib bordim, – deydi mehnat faxriysi Bo‘ri Namozova. – Bog‘cha 1981 yilda ishga tushirilgani tufayli keyingi paytda binolar ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgan, bu yerdagi sharoit zamon talabiga mos emas edi. Prezidentimiz keyingi paytda ushbu sohaga alohida e’tibor qaratganda bizning mahallamizdagi bog‘cha ham yaqin yillarda ta’mirlansa kerak, deb o‘ylagandim. Mana, niyatlarimiz kutganimizdan barvaqt amalga oshadigan bo‘ldi. Butun mahallamiz ahli – katta-yu kichik bundan xursand. Har bir qishloqdoshimiz qurilish-obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shsam, deydi. Axir bu yerda bizning farzandlarimiz, nabiralarimiz ta’lim-tarbiya oladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasi Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.

Folib HASANOV,
Alisher ISROILOV
(foto).