Sektor rahbari, hokimlik mutasaddilari xalqdan nega uzr so‘ramadi? Ular aslida odamlarning dardini tinglamagan, muammolariga panja orasidan qaragan
Yaqinda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Samarqand shahridagi Fidoyilar mahallasida bo‘lib odamlar turmush tarzi bilan tanishgach, o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ushbu hudud aholisidan ularga munosib shart-sharoitlarni yaratmagan, hududdagi kamchiliklarga befarq bo‘lgan shahar hokimligi rahbarlari uchun kechirim so‘radi.
Xo‘sh, hokimni bunday yo‘l tutishga nima majbur qildi?
Videotasvirda ko‘rsatilgandek, Fidoyilar mahallasida joylashgan, bir vaqtlar «Hujum» fabrikasiga qarashli bo‘lgan ikki qavatli ikkita yotoqxona binosidan bugun aholi turar-joy sifatida foydalanib kelyapti. 1927 yilda qurilgan mazkur 41 xonadonli 15-, va 16-uylarda 58 ta oila, 200 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shundog‘am umrini yashab, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan bu binolarda na tabiiy gaz, na ichimlik suvi bor. Aholi shu atrofda qurilgan birgina hojatxonadan foydalanadi. Bino avariya holatida bo‘lgani holda hududning sanitariya talablariga javob bermasligi ham juda achinarli.
-O‘zing uchun o‘l yetim, naqliga amal qilib yashayapmiz, - deydi O.G‘aniyeva. – Shu ikki ko‘pqavatli uyda yashovchilar hovlidagi bitta krandan suv tashib ichamiz. Ovqatni o‘tinda tayyorlaymiz. Sal kuchliroq shamol bo‘lsa, elektr ham o‘chib qoladi. Ikki xonali xonadonlarda ayrim qo‘shnilar 10-12 kishi yashamoqda. Xonadonlarning aksariyatida, ayniqsa, ikkinchi qavatdagi uylar tomidan chakka o‘tadi. Ushbu muammolar bo‘yicha murojaat qilib bormagan idoramiz qolmadi. Hech kim dodimizni eshitmaydi. Hudud shahar prokurori sektoriga kiradi. Prokurorning biror marta holimizdan xabar olish u yoqda tursin, hatto ushbu hududga qadam bosganini ko‘rmaganmiz.
Xullas, ushbu ko‘pqavatli uylardagi ahvol juda og‘ir. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, u yerda yashayotgan odamlar bilan muloqotda bo‘lgan viloyat hokimi ulardan kechirim so‘rashga majbur bo‘ldi. Viloyatning birinchi rahbari sifatida bu yerdagi noxushliklardan bexabar qolgani, ishni yaxshi tashkil etmagani uchun vijdoni qiynalganidan shunday qildi, nazarimda.
Iqrorlik - bu mardlik. Ammo mazkur hududga mas’ul sektor rahbari Samarqand shahar prokurori, shahar hokimligi mutasaddilari, Xalq qabulxonasi nega «Fidoyilar»dan kechirim so‘rashmadi? Axir, ular emasmidi joylarda «sayyor qabul» tashkil etib, «uyma-uy, xonadonma xonadon yurib» xalqning dardini eshityapmiz, muammolarni aniqlab, ularni to‘liq bartaraf etyapmiz, deya yuqori idoralarga varaq-varaq hisobotlar taqdim etayotganlar? Demak, bularning barchasi yolg‘on ekan-da. Rost bo‘lganida Fidoyilar mahallasidagi kamchiliklar bartaraf etilgan bo‘lmasmidi?
Bugun viloyat hokimining ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilgan «Fidoyilar mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha barcha choralarni ko‘raman», degan va’dasi bajarilmoqda.
Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi davolash profilaktika muassasalarining malakali mutaxasislari tomonidan ikki kunda mahallaning 1123 nafar fuqarosi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish uchun 35 nafar bolaga tibbiy ma’lumotnoma berilgan. Ko‘chma rentgen apparati yordamida 236 ta ftiziatr tekshiruvi o‘tkazilib, 184 bolaga gijjaning oldini olish bo‘yicha dorilar tarqatilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda mazkur ko‘pqavatli uylarni buzish ishlari boshlab yuborilgan. Bu uylarda yashovchi fuqarolar vaqtinchalik ijara xonadonlarga ko‘chirilib, ijara pullarini to‘lab berishni shahar hokimligi o‘z zimmasiga olibdi. Tez orada buzilgan eski uy sohiblarini yangi xonadonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgan ekan.
O‘rganishlar davomida mahalladagi 32 oilaning qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelayotganligi aniqlangan. 80 nafar bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud emas. Ikki nafar fuqaro haligacha sobiq ittifoq pasporti bilan yuribdi.
Xuddi shunga o‘xshash holat bugun viloyatimizning biron bir tumani yoki shahrida uchramaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Shuning uchun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilari, mahalla oqsoqollari uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish, ularga yechim izlashda, kamchiliklarni tahlil etishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymasdan ishlasalar maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.