Senator Nurobodning olis mahallalarida aholi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov viloyat va Nurobod tumani prokuratura, ichki ishlar idoralari mas’ullari bilan birga ushbu tumanda o‘rganish ishlari olib bordi.
Dastlab Sarikul va Sharq yulduzi mahallalari yettiligi misolida tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatiga e’tibor qaratildi. Mahalla raisi boshchiligida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish va ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka o‘qitish borasida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.
Shundan so‘ng rahbarlar tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida bo‘lib, muassasa moddiy-texnika bazasi, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilandi.
Nurbuloq mahallasidagi Abu Ali ibn Sino nomli sihatgoh faoliyati bilan tanishish chog‘ida sanatoriyga mahalliy aholi bilan birga xorijlik sayyohlarni keng jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi o‘rganishlari davomida aholi vakillari bilan ham uchrashib, parlament yuqori palatasi faoliyati, keyingi yalpi majlisda ma’qullangan qonunlar va ularning ahamiyati haqida gapirib berdi. Shuningdek, Nurobod tumanining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hududda turizmni rivojlantirish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha mas’ullarga tavsiyalarini bildirdi.