Senatorlar Jomboy va Toyloq tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida bugun joylarda zarur tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.
Bajarilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Oliy Majlis Senati a’zolari, mahalliy deputatlar bilan hamkorlikda joylarda haqiqiy holat o‘rganilyapti, mavjud muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilyapti.
Oliy Majlis Senati a’zolari va mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Jomboy tumanida bo‘lib, hududda 2023-2024 kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan tanishdi. Xususan, ishchi guruh a’zolari tumanning Alisher Navoiy mahallasida bo‘lib, bu yerda xonadonlarga quyosh panellari va batareyalari o‘rnatilishi, uning imkoniyatlari, afzalliklari yuzasidan xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Shuningdek, senator tumandagi 24-umumta’lim maktabi binosida ham bo‘ldi va u yerda maktabni kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayoni bilan tanishdi. Qayd etilishicha, maktab binosiga 15 killovattli quyosh panellari o‘rnatilgan, shuningdek, ta’lim dargohining o‘quv xonalarini isitish uchun ko‘mir yoqilg‘isi bilan qizdiriladigan qozonxona mavsumga tayyorlab qo‘yilgan. Mavsum uchun 10 tonna ko‘mir zaxirasi shakllantirilmoqda.
Bundan tashqari, Farhod Boqiyev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari quyosh paneli va akkumlyatori bilan jihozlangan 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasi, kichkintoylar ta’lim-tarbiya oladigan xonalarni isitishga mo‘ljallangan batareyalar holatini ko‘zdan kechirdi.
Shu bilan birga, senator Toyloq tumaning Baxshitepa mahallasi hududida joylashgan 17-sonli umumta’lim maktabida 10 kilovattli quyosh panelining imkoniyati va afzalliklari, shuningdek, tabiiy gaz bosimi pastligi tufayli ko‘mir bilan isitishga mo‘ljallangan qozonxona va uning yangi pechlari, kuz-qish mavsumi bo‘yicha bajarilgan ishlar va zaxira ko‘mir yoqilg‘isi holatini o‘rgandi.
Bundan tashqari, ishchi guruh 25-sonli MTTda ham ko‘mir yoqilg‘isi bilan binolarni isitish mumkinligiga, tashkilotni uzluksiz elektr energiyasi bilan taxminlash uchun 5 kilovattli quyosh paneli o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldi. Ishchi guruh a’zolari ta’lim maskani mas’ullari bilan muloqotda bo‘lib, mavjud muammolarni o‘rgandi.
Kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi xonadonlarini ko‘mir yoqilg‘isi bilan uzluksiz taminlash dolzarb vazifa hisoblanadi.
“Ko‘mir taminot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining viloyat filialiga qarashli Jomboy ko‘mir ombori Toyloq va Jomboy tumanlariga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur omborda bu yilgi kuz-qish mavsumi uchun 17 ming tonnaga yaqin ko‘mir zaxirasini tayyorlash maqsad qilingan.