Sergey Lavrov Suriyada urush tugaganini ma’lum qildi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyada urush tugaganini va mamlakat sekin-asta tinch hayotga qaytayotganini ma’lum qildi, deb xabar beradi «Kommersant’».
Rossiya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Suriyaga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakatdagi inqirozni bartaraf etish uchun siyosiy jarayonlarni ilgari surish masalasi asosiy rejaga chiqqan.
«Suriyadagi urush rostdan ham tugadi… Faqatgina Idlib, Firot daryosining sharqiy qirg‘og‘i kabi Suriya hukumatining nazoratida bo‘lmagan alohida hududlar qolmoqda» deydi vazir.
Rossiya 2015 yilning sentyabrida Suriyada harbiy operatsiyalarni boshlagan edi. Prezident Vladimir Putin uch marotaba Rossiya qo‘shinlarini mamlakatga kirgizish bo‘yicha farmoyish bergandi.
31 avgustdan boshlab Suriyaning Idlib viloyatidagi deyeskalatsiya zonasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilgan. 7 sentyabr kuni AQSh harbiy havo kuchlari «Al-Qoida» jangarilari boshqaruvidagi punktga zarba bergan. Oqibatda 50 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan edi.