Sessiya shunchaki o‘tkaziladigan majlis emas

Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Sessiyada Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov ishtirok etdi va parlament yuqori palatasining yaqinda o‘tkazilgan yigirma birinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng sessiya kun tartibi bo‘yicha viloyat hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining 2021 yil to‘rtinchi chorak daromadlari va xarajatlarini ko‘paytirish, Samarqand shahri, Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarining mavjud ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanib, viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi "viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi" deb nomlandi.
Samarqand shahri millionli shaharga aylanishi va hududda tumanlar tashkil etilishi munosabati bilan xalq deputatlari Samarqand shahar, Oqdaryo, Past Darg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlari Kengashlari qarorlari bilan mazkur ma’muriy hududlar chegaralariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Bu qarorlar ma’lumot uchun qabul qilindi va viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining bo‘shab qolgan 40-Ulus saylov okrugida deputat saylovi 2021 yil 26 dekabr kuni o‘tkazilishi belgilandi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan viloyat hokimligi ijro nazorati guruhi rahbari Z.Rahimov hisobot berdi.
Ta’kidlanishicha, Ijro.gov.uz tizimining “texnologik zanjiri” orqali shu kunga qadar Samarqand viloyatiga jami 917 ta hujjatlar asosida 6336 ta topshiriqlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 4 599 tasi ijrosi ta’minlangan, 1734 ta bajarilish jarayonida, 3 ta topshiriq o‘z vaqtida bajarilmagan. Sessiya qarori bilan mazkur topshiriqlar ijrosiga e’tiborsiz qaragan tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, tegishli boshqarmalar boshliq va o‘rinbosarlariga nisbatan tegishli intizomiy choralar qo‘llanilishi belgilandi.
Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarovning tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti deputatlar tomonidan qabul qilinmadi.
Tuman hokimi va sektor rahbarlari hisobot berishga tayyorlanib kelmagani sababli ushbu masalani keyingi sessiyalarda qayta ko‘riladigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov 2021 yil 10 oyi davomida viloyatda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida viloyatdagi 1114 ta mahallaning 428 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. 254 tasida jinoyatlar soni barqaror saqlandi va kamaydi, 432 tasida esa jinoyatlar oshgan. 686 mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan. 10 oy davomida viloyat hududida 5317 ta jinoyat qayd etildi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1830 taga ko‘p demakdir.
Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq 825 ta jinoyat qayd etilgan. Bu holatlarning 336 tasi transport vositasi tezligini oshirish, 104 tasi quvib o‘tish qoidalarini buzish, 54 tasi transport vositasini boshqarish paytida uxlab qolish oqibatida yuzaga kelgan. Eng achinarlisi, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 235 tani tashkil etmoqda.
Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq 543 ta jinoiy holat aniqlanib, 173 kilogramm 159 grammdan ortiq giyohvand moddalari daliliy ashyo tariqasida olindi.
Jinoyatga imkon beradigan omillarni bartaraf etish, jinoyatga moyil shaxslarni tarbiyalashda jamoatchilik imkoniyatlaridan foydalanish, jamoaviy muhokamalarni keng tatbiq etish maqsadida viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari huzurida “Jamoatchilik kengashi” tajriba tariqasida tashkil etilgandi. Bu tizim bugun o‘z samarasini bermoqda. Hozirgi kunga qadar viloyatning 381 mahallasidagi “Jamoatchilik kengashi” takliflari tergov organiga kiritilgan bo‘lib, ular asosida jinoyat sodir etgan 381 nafar shaxs javobgarlikdan ozod etildi.
Deputatlar huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan profilaktik ishlarni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratidan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Bosh vazirning viloyatdagi qabulxonasi rahbari S.Pardayev betob bo‘lib qolgani sababli uning sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axborotini ham keyingi sessiyalarda eshitishga qaror qilindi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov viloyatda 2021 yilda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi imkoniyatlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, joriy yilning 10 oyi davomida 25 ming 515 ta loyihada 39 ming 322 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Birgina yakka tartibdagi tadbirkorlikni, jumladan, hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga 15 ming 267 ta ish o‘rni tashkil etildi. Bundan tashqari, mehnat organlariga murojaat qilgan 33,8 ming nafar ishsizlar doimiy ishga joylashtirildi. 12,4 ming nafar ishsiz fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, ularga 13,1 milliard so‘m ish haqi to‘lab berildi. 887 nafar ishsiz fuqaro kooperativlar a’zoligiga biriktirilib, 859,7 milliard so‘m subsidiya ajratildi. 740 nafar ishsiz va kambag‘al toifadagi oilalarga shaxsiy tomorqasidan foydalanish uchun 3,1 milliard so‘m subsidiya berildi. 7462 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘qitildi. Tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 24 ming 908 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 648,4 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Ushbu tadbirlar natijasida ishsizlik darajasini yil boshiga nisbatan 1,3 foizga qisqartirishga erishildi.
Mazkur masala muhokamasi chog‘ida aholi ishsizlik darajasini aniqlashda aniq hisob-kitobning yo‘qligi, bu borada mahallabay, uyma-uy yurish tizimidan foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Bu borada boshqarma va mas’ullar oldiga vazifalar qo‘yildi.
– Kengash viloyatning eng yuqori organi, viloyatdagi barcha rahbarlar uning oldida hisobdor, – dedi E.Turdimov. – Kengash sessiyasida aytilgan, muhokama qilingan har bir masalaning natijasi, ta’siri bo‘lishi kerak. Sessiya shunchaki o‘tkaziladigan majlis emas.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.