Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shamsi Nazarov kim bo‘lgan edi?

Bugun u kishidek insonlarga ehtiyoj sezilyapti

 Aslida yaxshi odam uchun zamona yoki tizimning ahamiyati yo‘q: U Yaratganning amri bilan dunyoga keladi va mavridi kelsa - ketadi. Masalan, har qanday urushlar, qayta qurishlar, tiklanishlar, hatto biz farovon deb aytadigan sharoitlarda ham o‘g‘ri o‘g‘riligini, to‘g‘ri to‘g‘ri ishini qilgan. Bunga istagancha misol aytish mumkin. Poraxo‘rga o‘lim jazosi belgilangan davlatlarda ham yiliga qanchalab odam hayotiga nuqta qo‘yilmoqda.

Demoqchimanki, Shamsi Nazarovni zamona yaratgan emas, u kishi aslida shunaqa bo‘lgan. Yordam olgandir, biroq birovga suyanib qolmagan, o‘z kuchiga, aqliga ishongan, nimaiki topgan bo‘lsa, faqat va faqat mehnati, intilishi orqali qo‘lga kiritgan. Faqat davr siyosati unga ezgu ishlarini ro‘yobga chiqarishda yordam berdi. Umuman, hamma davrning ham aslida vazifasi ana shu.

Ochig‘ini aytsam, ushbu xotirani yozishga meni hech kim undagan emas. Bugungi zamonada Shamsi bobodek insonlarga ehtiyoj sezilgani uchun esladim. Shunday odamlar ko‘p bo‘lganida, ehtimol, hayotimiz boshqacha bo‘larmidi…

Yaxshilik sari yo‘l

 Otasidan ibrat olmagan bola hech qachon yaxshi bo‘lmaydi, ilmga ham intilmaydi. Shamsi bobo bolaligida ma’rifatparvar ota-onasidan eng avvalo, kerakli tarbiyani olgan. O‘tgan asr boshlarida, ayniqsa, chorizm imperiyasi yuzaga keltirgan taloto‘pda, Oktyabr to‘ntarishidan keyingi notinchliklarda hamma tinchi-yu qornini o‘ylab qolgan. Ammo ana shunday paytda Nazar aka o‘z o‘g‘lini maktabga tayyorlay oldi. Ikki o‘g‘li urushga ketib, qaytib kelmadi. Buning ustiga intiluvchan Shamsining avval Kattaqo‘rg‘on pedagogika texnikumi, keyin esa Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetiga sirtdan o‘qishga kirishi uni yangi dunyoga boshladi. Bu yerda Jo‘raboy Hamdamov, Rahmonqul Orzibekov kabi do‘stlari davrasida ijtimoiy faollik sari yurdi. Qishloqqa borganda esa uning asosiy suhbatdoshlari Botir Boybo‘tayev, Sobir Eshniyozov (tarix muallimlari) bo‘lishdi. Diplom olgach, yosh o‘qituvchi Narpaydagi 53-maktabda bo‘lim mudiri, keyin esa o‘n yil 3-maktabda direktor va besh yil tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifalarida ishladi. Ana shu jarayon Shamsi Nazarovni chindan ham faol ziyoli sifatida shakllantirdi. Buning ustiga Orzu Mahmudov, Hamdam Berdiyorov, Vohid Abdullayev, Bektosh Rahimov, Saydulla Mirzayev kabi iqtidor egalari bilan tanishishi o‘z iqtidorini ko‘proq namoyon etishiga yordam berdi.

Ilgari xo‘jalik rahbarlari asosan ziyolilardan, muallimlardan tanlab olingan. Shamsi Nazarov ham ana shunday tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, partiya va maorifdagi faoliyatidan so‘ng 1954 yilda jamoa xo‘jaligiga rais etib saylandi va 35 yil ana shu xo‘jalikni boshqardi.

Shamsi aka muallimligida faqat ma’rifatgina insonni yangi marralarga chorlashini, faqat halollikkina inson qadr-qimmatini oshirishini, faqat intilishgina inson hayotini farovon qilishini o‘zlashtirdi. Va umr bo‘yi ana shu aqidalarga rioya etib yashadi.

Halollik

Shamsi aka ko‘p kitob o‘qigan odam emasmi, onasining poklik haqidagi rivoyatu matallarining isbotini ulug‘lar kitoblarida chuqurroq anglab yetdi. Binobarin, daromadlari katta bo‘lmasa-da, amallab kun ko‘rsa-da, to‘g‘rilikda el og‘ziga tushgan ota-onasining yo‘lidan bordi. Halollik esa o‘z o‘rnida adolatga yo‘l ochadi. 33 yil xo‘jalikka raislik qilgan, shu maskanda shahardagi kabi sharoit yaratgan, el og‘ziga tushgan inson bir umr davlatning uyida yashadi. Zulfiya xolamiz bilan yetti farzandni ana shu yerda ulg‘aytirib, mustaqil hayotga jo‘natdi. Hammasining to‘ylarini o‘sha davlat bergan uyda o‘tkazdi. Bu vaqtda sog‘in sigir bo‘lishi, parranda boqilishi an’ana edi. Eh-he, qanchalab ilg‘or brigada boshliqlariga mukofotga mashina berilganida, rais bobo o‘z jamg‘armasidan «Volga» mashinasi har xil qilib oldi. Shuning uchun u o‘z jamoasida ham, tumandagi, viloyatdagi anjumanlarda ham rahbarlar bilan yerga qaramasdan gaplasha olardi.

Shu o‘rinda aytmoq joizki, Zulfiya xola garchi o‘rta ma’lumotli ersa-da, ko‘p gazeta, kitob o‘qiydigan, farosatli, kamtarin ayol edi. Xonadonga taniqli mehmonlar kelganda ularga binoyidek xizmat qilardi. Ular 50 yil bir-biriga suyanch bo‘lib turmush kechirishdi.

Aytishlaricha, bir kuni uyda mehmonlar bilan o‘tirsa, raisning uyiga ancha qovun-tarvuz keltirishadi.

-  Tinchlikmi? – so‘raydi rais.

-  Uyingizda mehmon bor ekan, brigadir berib yubordi.

-  Uka, qayerdan olgan bo‘lsang, o‘sha yerga eltib qo‘y. Mehmonga qovunni o‘zim olaman. Agar qovun yegim kelsa, ertaga borib, paykaldan olib yeyman.

-  Bu voqea ertasigayoq hammaga yetib borgan.

Bir kuni rais buvani temiryo‘l vokzalida uchratib qoldim. «Dam olishga ketyapman», dedilar u kishi.

- Iye, rais buva, ertaga paxta yig‘im-terimi boshlanadi-yu...

- E, uka, hamma sharoitni tayyorlab qo‘yganman. Bilasan, odamlarimning mas’uliyati kuchli, ularga xalaqit bermay dedim-da, - kuldi Shamsi aka.

Keksa yoshdagilar juda yaxshi bilishadi, rais har yili shu paytda dam olishga ketardi, chunki u odamlarga ishonardi. Ishonch esa faqat halol munosabatlardagina shakllanadi.

Men Sh.Nazarovning bir qizi bilan maktabda ham, universitetda ham o‘qiganman. Sharofat hech qachon gruppadoshlarimizdan ajralib turmasdi: kiyimda ham, munosabatda ham. Shamsi bobo yig‘ilishlarga kelganda bizlarni to‘plab, suhbatlashib, bir piyola choy berardi. Umuman, men otaxonning oilasini yaxshi bilaman. Olti qizi, bir o‘g‘liga ham hozirgi raislarga o‘xshab yer-uchastkalar olib, dang‘illama imoratlar solmadi, hech qaysiga mansablar sotib olib bermadi. Negaki, ota farzandlar baxtini o‘ylagan, farzandlar esa o‘zlari mehnat qilib topishga o‘rgangan. Qizlarini ko‘rgani borganda ham atayin ovqat qilishga ruxsat bermagan, aksincha, ulardan «Uydagi ishlarga ulguryapsanmi, nonni o‘zing yopyapsanmi, qaynota-qaynonang va turmush o‘rtog‘ingning hurmatini joyiga qo‘yayapsanmi?», deb so‘ragan. Binobarin, Shamsi bobo barcha qizlarini faqat ko‘ngil qo‘ygan odamlarigagina uzatgan.

Sal gapga chechan, shijoatli, g‘ayratli bo‘lgani uchun Manzurani do‘xtirlikka o‘qitdi. Qolgan hamma farzandlari ota izidan borib, muallim bo‘ldilar. Chunki Shamsi bobo qizlariga, yolg‘iz o‘g‘liga ana shu ma’rifatni ravo ko‘rdi. Bir gruppada tahsil olganimiz uchun Sharofatning turmush o‘rtog‘i Akram Qurbonov qaynotasi haqida doim faxr bilan gapirgan. Ularning suhbati ham halollik, bolalar tarbiyasi, el o‘rtasida qadr topish haqida bo‘lgan. Vaholanki, kimsan, respublika va viloyatning birinchi rahbarlari bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgan kishi qizlarini ham, kuyovlarini ham «yog‘liroq» joyga qo‘yishi qiyin emas edi. Bugun darsga qatnab-qatnamagan, biror kasbni mukammal egallamagan, otasi olib bergan mashinada yurgan farzandlariga mansab sotib olayotgan ota-onalarni ko‘rsam, Shamsi aka haqi-hurmati, asabim qaqshaydi, yuragim og‘riydi. Chunki ular halollik degan tushunchani hazm qila olishmaydi.

- Ishlab, ozroq mablag‘ yig‘ib, bir kuni qaynotam oldiga bordik, - deydi Akram aka. - «Jiguli»ga pul to‘plaganimiz, sal yaxshirog‘iga ozroq yetmayotganini aytdim. Qaynotam «Bolam, ishlab mashinaga pul orttiribsizlar, buning uchun rahmat. Puling yetganini olib, minaveringlar. Mashina odam qadrini oshirmaydi», dedi. O‘g‘limning to‘yida ham shunday voqea bo‘ldi. Taniqli bir san’atkorni olib kelishini so‘radim. U kishi esa «Men bu xonandani xo‘jalik a’zolarimga keltirishim mumkin, ammo nevaramning to‘yiga emas», deb javob berdi.

Sh.Nazarov to‘g‘ri ishlagan xodimlarini rag‘batlantirdi, yordam ko‘rsatdi. Faqat ularga emas, xo‘jalik hududidagi deyarli barcha nogironlarni qo‘llab-quvvatladi, ayniqsa, talabalarga yordam berdi. Mehnat faxriysi, bir paytlar tuman va viloyat pillachilik idorasi boshlig‘i, Narpay tumani hokimi bo‘lib ishlagan Salohiddin hoji Bobomurodovning aytishiga qaraganda, Shamsi bobo 35 yil davomida idora ishlariga qarindoshlarini mutlaqo yaqinlashtirmagan. Kadrlarni ishchanligi, to‘g‘riso‘zligi, halolligiga qarab tanlagan. Bu fazilatni hozirda ham qishloqning katta-kichiklari hurmat bilan eslashadi. Hoji akaning aytishiga qaraganda, Shamsi bobo quruvchi Maxsum Muqimov, o‘qituvchilar Xushnazar Qurbonov, Shovqiddin Shukurov, savdo xodimi Toir Ergashev kabi o‘nlab iqtidorli, mehnatkash kadrlarni qo‘llab-quvvatlagan, o‘z navbatida ular tuman, hatto viloyat miqyosida salohiyatga erishganlar.

Shamsi boboning fazilatlari haqida yolg‘on gapirolmayman, chunki bu fazilatlardan bahramand bo‘lganlarning ayrimlari hayot, qolaversa, o‘tganlarining ham bola-chaqalari yaxshi bilishadi.

…Bu insonning hayoti, turmush tarzi tabiiy edi. Sun’iy harakatlarni yoqtirmasdi, o‘zini mehnatdan boshqa narsaga majburlamagan. Hammaga hamma vaqt bir xil muomalada bo‘lgan. Hatto dakki berganida ham ko‘ngildagi gapni aytgan. Hozirgi ayrim rahbarlarga o‘xshab birovning nafsoniyatiga tegadigan so‘zlarni ishlatmagan.

- Otam bizlarni xizmat mashinasiga deyarli mindirmasdi, - deydi katta qizi Sharofat. - «Piyoda borib kel, sog‘lom bo‘lasan», deb qo‘yardi. Darvoqe, xizmat mashinasining ichida doim gazeta-jurnal va kitoblar qalashib yotardi. Otam yo‘l-yo‘lakay ham vaqtni behuda ketkazmaslik uchun ularni mutolaa qilgan. Shofyori Shavkat aka otam gazetadagi qiziq maqola yoki kitobdagi hayajonli holatlarni o‘qish jarayonida boradigan joyini ham ba’zan noto‘g‘ri aytib yuborgan.

Sharofatning fikriga qo‘shilaman. Shamsi bobo o‘zi muallim bo‘lgani uchun ijod ahli bilan nihoyatda yaxshi munosabatda edi. Esimda, Samarqanddagi taniqli adabiyotshunos olimlar Vohid Abdullayev, Saydulla Mirzayev, Nuriddin Shukurov, shoir Dushan Fayziy markazdan taniqli adiblar kelsa, albatta, Shamsi akaning xo‘jaligiga boshlab kelishardi. Bu yerda juda ko‘plab ijodiy uchrashuvlar bo‘lar edi. Yozuvchi Odil Yoqubov Shamsi aka xonadonida 2-3 kunlab mehmon bo‘lardi. Lekin nima uchundir Shamsi aka o‘zi, ishlari haqida ko‘p yozishlarini istamas edi. Muxbirlarga goh sut sog‘uvchi, goh brigada boshlig‘i, goh boshqa bir kasb egalarini duch qilardi.

Xumor shaharchasi qanday paydo bo‘lgan edi?

Xumor - bu Sh.Nazarov 35 yil boshqargan xo‘jalik markazidagi qishloq. U shu davr ichida shaharchaga aylandi. Shamsi bobo Xumorning loyihalarini nafaqat Toshkent, hatto o‘sha vaqtda markaz hisoblangan Moskvadagi mutaxassislarga ham ko‘rsatib kelganlarini bilaman. Chunki bu inson odamlarning dalada mehnat qilishidan tashqari zamonaviy yashashini ham istardi, qayerda, nimaiki ibratli narsa ko‘rsa, uni o‘z xo‘jaligida qo‘llashga intilardi.

Ana shu tashabbuslardan biri paxta hosilini mashinalarda terib olish edi. Bu masala qisqa fursatda e’tirof etildi, tajribasi ommalashtirildi. Hatto xo‘jalik markazida shu atrofdagi dalada ilk bor paxta tergan traktorga beton moslama o‘rnatib, yodgorlik qo‘ydi. Sh.Nazarov paxta terimiga texnika jalb etishni o‘tgan asrning 60-yillarida boshlagan va maktab o‘quvchilari faqat podbor terishga jalb etilgan, xolos.

Zamonaviy qishloq uylari qurishda ham rais bobo atrofdagi hamkasblaridan qolmaslikka intildi. Dastlab qo‘shqavatli, barcha sharoitlar yaratilgan 6 sotixli uylar qad ko‘tardi. Ularni ilg‘or dehqonlar, traktorchi, chorvadorlarga berishdi. Ko‘p o‘tmay, Xumorda to‘g‘ri, ravon yo‘llar, ko‘chalar paydo bo‘ldi. Hatto ko‘chalarga tungi yoritish lampalari o‘rnatildi.

Bu inson yarim yo‘lda to‘xtab qoladiganlardan emas. Ikki yil ichida xo‘jalik markazida zamonaviy maktab va ixcham shifoxona qad ko‘tardi. Bir kuni suhbat chog‘ida raisdan «Buncha mablag‘ni qayerdan olyapsiz, hammasi xo‘jalik daromadi hisobidan qurilyapti?», deb so‘radim.

- Ishni yahudiycha qilyapman, uka!

Mening hayron bo‘lganimni ko‘rib, iborasiga izoh berdi.

- Masalan, maktabni davlatning qonuniy loyihasi asosida xo‘jalikning quruvchilari qurdi. (Darvoqe, o‘sha paytlarda shu qishloqdan yetishib chiqqan M.Muqimov ancha tanilib qolgan edi). Uni rayONO degan tashkilotga sotdik. Ular ham xursand, biz ham xursand. Chunki ketgan xarajatimizni qaytarib berishdi. Maktab qishloqqa foydaga qoldi, uni kim ham ko‘tarib ketardi.

Sh.Nazarov o‘sha davr talabiga javob beradigan futbol stadioni, bolalar bog‘chasi, madaniyat saroyi, sanatoriy va boshqa ob’yektlarni ham ana shu tarzda barpo etishga ulgurdi. Ko‘p o‘tmay, xo‘jalikning Narpay kanali ustki qismida joylashgan Qoraminos qishlog‘ida ham qurilishlar boshlanib ketdi. Bu yerdagi kasb-hunar maktabi turli mutaxassislarni tayyorlay boshladi va talabalar amaliy mashg‘ulot sifatida zamonaviy uylar qurishdi.

Aytganday, rais bunyodkorlik bilan bo‘lib, qishloq xo‘jaligini ham unutgan emas. Xo‘jalikda rentabellik darajasi yildan yilga osha bordi. Qoramolchilik, tovuqchilik fermalari dovrug‘i oshdi. Bularning hammasi Shamsi akaga va uning xo‘jaligiga daromaddan tashqari katta obro‘ ham keltirdi.

Salohiyatning qudrati

Darhaqiqat, Sh.Nazarov o‘tgan asrning oxirgi choragida chinakam shaxs sifatida tanildi. Eh-he, olgan mukofotlari, orden va medallarning son-sanog‘i yo‘q. Buning ustiga ikki marta Oliy kengash deputati bo‘ldi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi va Xalq ta’limi xodimi unvonini oldi. 1981 yilda esa Sotsialistik Mehnat Qahramoni degan yuksak mukofot egasi bo‘ldi. Ammo tabiatida, ishlashida o‘zgarish sezilgan emas, jo‘shqin faoliyatini kamtarlik bilan davom ettiraverdi.

Shamsi aka qahramonlik unvoni olgach, telejurnalistlarning tashrifidan keyin bemalol suhbatlashgani bordim. U kishi har galgidek o‘zini maqtashga izn bermaydi. Hol-ahvol so‘rashgach, nuqul gazeta-jurnallar haqida gapiradi. Shunda men:

- Qahramonlik nishonini taqib yursangiz bo‘lmaydimi? - dedim. Chunki kiyib turgan kostyumida oliy ma’lumotni ifodalovchi, ya’ni SamDUdan berilgan rombli nishon turardi.

- Uka, - dedi salmoq bilan rais bobo. - Bu nishon xosiyatli. U ilmingni, zakovatingni ko‘rsatib turadi, o‘ziga munosiblikni talab qiladi. Orden-medalni bitta xizmatingga olishing mumkin, ammo bu nishon agar yaxshi o‘qigan bo‘lsang, senga bir umr xizmat qiladi.

Shu o‘rinda «Saodat» jurnalining qaysidir bir sonida muxbirning Sharof Rashidov turmush o‘rtog‘i bilan suhbatini esladim. Unda yangadan «Sharof aka uyida bo‘lgan chog‘ida, mabodo vaqti topilganda, nima ishlar bilan shug‘ullanardi?», degan savoliga yangamiz «U kishi gazeta, kitob o‘qib, ba’zan yozar va samarqandlik taniqli dehqonlar Joniqul Yusupov va Shamsi Nazarov bilan telefon orqali uzoq va miriqib suhbatlashardi», deb javob bergan. O‘sha paytdagi davlat rahbarining xo‘jalik raisi bilan miriqib gaplashishida qanday ma’no borligini tasavvur qilavering. Darvoqe, Sh.Rashidov Paxtachiga kelsa, Shamsi bobo bilan albatta, choy ichib ketardi.

1990 yilda I. Karimov respublika Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi bo‘lib saylangandan keyin kuzning oxirida Samarqandga tashrif buyurdi. Shunda u kishiga hamroh bo‘lib, Paxtachi tumaniga bordik. Tuman rahbari Abduhakim Qalandarov va Shamsi aka bilan Islom Abdug‘aniyevich samimiy suhbatlashdi. Avvaliga rais boboning barcha xizmatlarini e’tirof etdi va so‘ng «Rais bobo, nasib etsa, hali biz har bitta xo‘jalik markazida Xumordagi kabi, qolaversa, undan ham chiroyli qilib shaharchalar barpo etamiz», dedi. Ammo Sh.Nazarov ham ko‘ngildagi gaplarini davlat rahbariga aytib oldi.

- Men har bir xo‘jalikda daromadli ekinlar ekilishi tarafdoriman, xom ashyomizning hammasini o‘zimizda qayta ishlashimiz, texnikani ko‘paytirishimiz kerak. Ana o‘shanda yangi uylar odamlarimizga yarashadi. Shaharchada ham zamonaviy xizmat turlarining barchasini yaratishimiz zarur…

- Bo‘ladi, rais bobo, aytganlaringizning hammasi bo‘ladi, nasib etsa. Men xam ana shu niyatdaman, - dedi I. Karimov.

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida taniqli shifokor Yaxshinor aka Allayorov quyidagilarni gapirib berdi:

- Institutni bitirib, qisqa muddat tuman markaziy shifoxonasida ishlash jarayonida dongdor rais Sh.Nazarov bilan yaqindan tanishdim. Xalqning g‘amini yegan rahbar, ularning og‘irini yengil qilish maqsadida shaharcha markazida «Baxt uyi» marosimlarni o‘tkazish majmuasini qurib, ishga tushirib, jamoa aholisi to‘y-marosimlarini o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Qishloqdoshlarimiz taxtalardan stol va skameykalar yasab, bir necha kun vaqt sarflar, idish-tovoqlar uchun prokatma-prokat sarson bo‘lishiga to‘g‘ri kelar edi. Rais boboning marhamatidan nafaqat jamoa xo‘jaligi, balki qo‘shni qishloqlar aholisi ham bahramand bo‘lib, haqiga duolar qilishardi.

1990 yillardagi bir voqea yodimga tushib qoldi. Yozning jazirama issiq kunlarining birida, soat 12 larda Shamsi aka mening ishxonamga kirib keldi va qishloqdosh, sinfdosh do‘stim, viloyat suv xo‘jalik boshqarmasining boshlig‘i Baxtiyor Ostonovni topib berishimni so‘radi. «Ostonovga nima ishingiz bor?», deb so‘raganimda xo‘jalikda qurilish ishlari jadal ketyapti, suv ichida ishlatsa ham bo‘ladigan «Portland» yuqori markali sement faqat “oblvodxoz”da bo‘lar ekan, Baxtiyor shu sementdan menga topib berishi kerak”, deb o‘ktam gapirdi. Men telefon qilib, B.Ostonov bilan gaplashtirdim. Shunchalik tinchib-tinchimas odam edi.

Paxtachi tumani markaziy shifoxonasi uchun zamonaviy yangi kasalxona qurilishi, dastlab uning loyiha smetasini tayyorlash, qurilish ishlarini nihoyasiga yetkazishni tuman jamoa xo‘jaliklari mablag‘lari hisobidan amalga oshirish ishlarining tashabbuskori bo‘lganligidan, keyinchalik qurilish bitgandan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi pulini to‘lab berganligidan xabardorman.

1996 yilda Sh.Nazarovning 75 yoshlik yubileyida qatnashgan edim. Tadbirga Samarqand viloyati partiya qo‘mitasining sobiq birinchi kotibi Nazir Rajabov o‘zining tabrik so‘zida Shamsi Nazarovning barcha xislatlarini sanab o‘tib, «Shamsi Nazarov tirikligida o‘ziga haykal qo‘ydi. Ey, kommunizmliklar! Sizlar qo‘rqmasdan kolxozning nomini Shamsi Nazarov deb o‘zgartiringizlar», deb xitob qilgan edi. Bu xitobda ramziy ma’no bor edi. Chunki Sh.Nazarov elim deb, yurtim deb yonib yashagan inson edi. Abu Ali Ibn Sino ta’biri bilan aytganda, «O‘zgalar yo‘lini yoritib, o‘zim yonib, tamom bo‘laman», degan shamga o‘xshar edi.

Sh.Nazarov 1994 yil 10 dekabrda 73 yoshida vafot etdi. Agar hayot bo‘lganlarida u kishi 102 yoshga kirardilar. Lekin bu fidoyi insonni bilganlar, xususan, men ham Shamsi boboni doimo ko‘nglimda, yonimda his qilaman. Negaki, halolligi, pokligi, mehnatkashligi, zakovati bilan ko‘pga ibrat bo‘lish, xalqning ko‘nglida qolish abadiyatga daxldor holatdir.

 Farmon Toshev.