Shar’iy nikohning narxi qancha?
- Tushunmadim, kimni aytyapsiz? - hayron bo‘lib so‘radi ikkinchisi.
- Kimni bo‘lardi, ba’zi imom-xatiblarni-da. Nevaramning nikohini o‘qitishda narxiga rosa tortishdik. 150 ming so‘m berasan, deb oyoq tirab olsa bo‘ladimi? 130-140 ming so‘m beray, desam ko‘nmaydi. Aytgan pulini bermagunimcha nikoh o‘qimadi. Nahotki, bu borada diniy idoralarning biror yo‘riqnomasi bo‘lmasa?
Ochig‘i, bu akaxonimizning e’tirozi meni ham qiziqtirib qo‘ydi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili Z.Eshonqulovning 2017 yil 29 dekabrdagi 20-sonli buyrug‘i bilan tanishib chiqdim. Unda shunday deyilgan ekan:
"Shar’iy nikoh o‘qishni tartibga solish, noqonuniy nikoh o‘qilishining oldini olish, otalikni belgilashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida FHDYo guvohnomasi asosida shar’iy nikoh uchun masjid kirimi 2018 yil 1 yanvardan e’tiboran Samarqand viloyatida 100 000 (yuz ming) so‘m qilib belgilansin.
Kam ta’minlangan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tegishli hujjatlar asosida nikohnoma qog‘ozini bepul berish inobatga olinsin".
Ushbu ma’lumotni keng xalq ommasiga yetkazish, mahalla idorasi yoki masjidning e’lonlar taxtasiga yozib qo‘yish nahotki shunchalik qiyin bo‘lsa. Shunday yo‘l tutilganda yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar uchramasmidi.
Husniddin XOLDOROV.