Sharifa Davronova: Yurt sha’ni, ota-onam va ustozlarim ishonchini oqladim
6 avgust kuni Kolumbiyaning Kali shahrida yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U-20) jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilgan Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida eng yaqin ta’qibchisi – fransiyalik Sohane Aucagusni 66 santimetrga ortda qoldirib, 14,04 metr natija bilan chempionlikni tantana qildi. 16 yoshli Sharifaning bu natijasi U-20 tasnifida mavsumning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘ldi.
Sharifa musobaqadan qaytgach, Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlariga yo‘l oldi. 11 avgust kuni mazkur musobaqaning ayollar o‘rtasidagi uch hatlab sakrash dasturida 14,30 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sharifa Davronova Samarqand shahrida tug‘ilgan. Olti yildan buyon yengil atletika bilan shug‘ullanib keladi.
- Qizim 10 yoshidan boshlab yengil atletika bilan shug‘ullanadi, - deydi onasi Nasiba Hoshimova. – Mana, mehnatlari besamar ketmadi, ikki nufuzli musobaqada chempion bo‘ldi. Albatta, Sharifaning ishtirokini hayajon bilan kuzatdik, g‘alaba qozonib, bayrog‘imizni baland ko‘targanda ko‘zimga yosh keldi. Farzandim bilan faxrlanamiz. Ustozlaridan minnatdormiz.
Sharifaning yengil atletikada erishgan yutuqlarida unga yoshligidan saboq berib, turli musobaqalarga olib borgan murabbiyi Muzaffar Karimovning xizmatlari katta.
- Ota-onasi oldimga olib kelganda, Sharifa yosh qizaloq edi, - deydi M.Karimov. – U hech qachon mag‘lub bo‘lishni istamaydi, yosh bo‘lsa-da, yuqori marralarga intiladi. 2017 yilda ilk bor respublika musobaqasida qatnashib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganda yig‘lagandi. Sababi, birinchi o‘rin nasib etmadi. Shundan keyin u "Endi hech qachon yengilmayman", deb va’da berdi. Sharifa va’dasini bajaryapti.
Tirishqoqligi, tinimsiz mehnati, o‘z ustida ishlashi evaziga O‘zbekiston chempionligini hech kimga bermay kelyapti. Ayniqsa, yaqinda uning Kolumbiyada o‘tkazilgan musobaqada jahon chempionligini qo‘lga kiritgani va Turkiyada o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida oltin medalga sazovor bo‘lgani faoliyatidagi eng katta yutug‘i bo‘ldi.
Yosh chempion musobaqa taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, kelgusida ham Vatanimiz uchun oltin medallarni taqdim qilishga va’da berdi.
- Ketma-ket ikkita xalqaro musobaqada qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi, - deydi Sharifa Davronova. – Ayniqsa, Kolumbiyada yurtimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarilganida juda katta faxr va hayajonni tuydim. Islom birdamligi o‘yinlarida ham raqobat kuchli bo‘ldi. Raqiblarim Yevropa chempionlari, jahon chempionati va olimpiada ishtirokchilari edi. Ammo ularga bo‘sh kelmasdan, yurt sha’ni, ota-onam va ustozlarim ishonchini oqlab, chempionlikni qo‘lga kiritdim.
Sharifa bu yutuqlar bilan cheklanmoqchi emas, yana ko‘plab musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, g‘alabali yurishlarini davom ettirish niyatida.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.