Yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo ochiq chempionatida O‘zbekiston chempionlikni qo‘lga kiritdi

Avval xabar berganimizdek, 24-25 sentyabr kunlari Samarqand shahridagi  “Afrosiyob Arena” sport majmuasida yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo to‘rtinchi ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada hamyurtlarimiz bilan birga, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Tailand va Malayziya kabi davlatlardan kelgan mahoratli sportchilar yugurish yo‘nalishida, texnik yo‘nalishlar, ya’ni balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka sakrash, disk, bolg‘a va nayza uloqtirish bo‘yicha kurashdilar.

Chempionat natijasiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 25 ta oltin, 27 ta kumush va 27 ta bronza medali bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘rin 3 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan Turkmaniston jamoasiga, uchinchi o‘rin 3 ta oltin, 3 ta kumush, 1 ta bronza medaliga ega chiqqan Qirg‘iziston jamoasiga nasib etdi.

Shuningdek, chempionat doirasida “Save Aral-2022” xalqaro xayriya marafoni va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi kubogi uchun ommaviy yugurish musobaqasining kuzgi bosqichi  bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa yakunida g‘oliblarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.