Samarqandda yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati boshlandi
Bugun Samarqand shahridagi "Afrosiyob Arena" sport majmuasida yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo to‘rtinchi ochiq chempionatiga start berildi.
Chempionatning ochilish marosimida Osiyo va mamlakatimiz yengil atletika federatsiyalari rahbarlari, sportni rivojlantirish vazirligi, milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ullari va viloyat hokimligi mas’ullari ishtirok etdi.
Osiyo yengil atletika federatsiyasi prezidenti Daxlan Al-Xamad sportchilarimizning keyingi paytda xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta’kidladi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Shundan so‘ng, 11 davlatdan kelgan 300 nafardan ortiq sportchi bahsga kirishdi.
Uch kun davom etadigan mazkur musobaqada sportchilar yugurish yo‘nalishida, texnik yo‘nalishlar, ya’ni balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka sakrash, disk, bolg‘a va nayza uloqtirish bo‘yicha kurashadilar.
Musobaqaning uchinchi kuni "O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi kubogi hamda "Save Aral 2022" xalqaro xayriya yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi ham bo‘lib o‘tadi.