Sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish, ish boshlashi uchun yer, kredit, subsidiya olib berish: Prezident hokim yordamchilarining asosiy vazifalarini aytdi

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda "mahallabay" ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.

Jumladan, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi.

Ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berildi.

Endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim.

Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m).