“Sharq taronalari” – dunyoda o‘xshashi yo‘q festival

Samarqand shahrida “Sharq taronalari“ XII xalqaro musiqa festivali davom etmoqda. Jahon miqyosida nufuzi oshib borayotgan mazkur forumda sayyoramizning turli qit’alaridan mohir xonanda va sozandalar, musiqashunos va san’atshunos olimlar bilan birga xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat arboblari va taniqli siyosatchilar ishtirok etmoqda.

Samarqandga tashrif buyurib, betakror “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan ana shunday nufuzli mehmonlar taassurotlari bilan qiziqdik.

Pavel Levandovski, Polsha Respublikasi madaniyat va milliy meros vaziri o‘rinbosari:

– Avvalo, mazkur san’at bayramiga taklif etishgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman. Samarqand chindan ham mo‘’jizaviy shahar ekan. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali esa ana shu mo‘’jizaviy shaharning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanibdi. Bizning mamlakatimizdan ham turli ansambllar ushbu san’at bayramida ishtirok etib, milliy musiqa merosimiz an’analarini targ‘ib etmoqda. Polshalik san’atkorlar ham, musiqa shinavandalari ham bu festivalni yaxshi ko‘radi. Festivalning ochilish marosimi va unda O‘zbekiston Prezidentining ishtirok etib, tabrik yo‘llashi san’at anjumani qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Namoyish etilgan konsert dasturi esa barchaga, jumladan bizga ham juda manzur bo‘ldi. Bu o‘zbek xalqining qanchalik boy madaniyat, san’atga ega ekanligini ko‘rsatadi. Ushbu festival mehmoni bo‘lganimdan faxrlanaman.

Kvon Yong Se, Koreya Respublikasi Andong shahri meri:

– Samarqand Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yirik savdo va madaniyat markazi bo‘lib kelgan. Bu faqat o‘tmishda qolmay, bugun ham ushbu shahar shunday maqomga ega ekanligiga guvoh bo‘ldim.

Bizning yurtimizda ham Samarqandga qiziquvchilar, bu ertakmonand shaharga kelishni orzu qiladiganlar juda ko‘p. Shaxsan o‘zim ham ko‘p yillardan beri “Sharq taronlari” festivalini Registonda turib tomosha qilishni istardim va bu niyatim amalga oshganidan baxtiyorman.

Bu san’at bayrami dunyoda o‘xshashi yo‘q yirik musiqa festivali ekaniga kecha yana bir bor amin bo‘ldim. E’tiborlisi, unda bizning musiqiy jamoalarimiz ham muntazam ishtirok etib, g‘oliblar safidan joy olmoqda. Shuningdek, festival hakamlar hay’ati tarkibida ham Koreyadan vakil borligi bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ushbu tashrifim davomida Samarqand shahar hokimi bilan uchrashib, bizning Andong shahri va Samarqand o‘rtasida turli sohalarda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldik. Xususan, turizm bo‘yicha hamkorlik ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi shubhasiz.