“Sharq taronalari” festivali ishtirokchilari 25 avgustdan Registonda chiqishlarini boshlaydi

Bu yil “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalida 74 davlatdan vakillar qatnashishi kutilmoqda.

Festival matbuot markazining xabar berishicha, Madaniyat vazirligi va Xalqaro festivallar direksiyasi tomonidan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etayotgan musiqiy jamoalarning Registon maydonida chiqishlari reja jadvali ishlab chiqilgan.

Unda belgilanishicha, 25 avgust kuni Afg‘oniston (“Haft goh”), Misr (“Heritage Ensemble For Arab Music-Cairo Opera House”), Gollandiya, Iroq, Turkiya (International - “Mundus Trio”), Qozog‘iston (“Babalar sazi”), Argentina (“Sandra Rehder”), Hindiston (“Debapriya & Samanwaya”), Eron (“Haray Ladies Folklore Music Group”) davlatlaridan kelgan musiqiy jamoalari tanlov dasturi bo‘yicha chiqishlarini boshlaydi.

Festival nizomiga ko‘ra, tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yo‘nalish – professional tarzdagi xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy yo‘lda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi.

Bu yil festival Gran-Pri sohibiga 10 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti beriladi. Ikkita 1-o‘rin, ikkita 2-o‘rin va uchta 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilar ham 5 mingdan 2 ming dollargacha pul mukofotini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Festival ishtirokchilari tanlov dasturidan boshqa vaqtlarda Samarqand shahrida, shuningdek, Oqdaryo, Samarqand, Past Darg‘om, Toyloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi istirohat bog‘lari, madaniyat muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, konsertlarda qatnashadi.