“Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali g‘oliblari ma’lum bo‘ldi. Gran-pri – O‘zbekistonda

Tojikiston (“Badaxshon” jamoasi) va Rossiya (“Ayarxan” jamoasi)dan kelgan jamoalar hamda O‘zbekiston vakillari – Azizjon Abduazimov va Ulug‘bek Elmurodzoda uchinchi o‘rinni egallab, festivalning uchinchi darajali diplomlari, 2 ming AQSh dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

  Ikkinchi o‘ringa Turkmanistonning “Archabil” va Mo‘g‘ulistonning “Xatan” jamoalari sazovor bo‘ldi. Ularga 3,5 ming AQSh dollaridan pul mukofoti, diplom va boshqa sovg‘alar topshirildi.

Festivalning ikkita birinchi o‘rin sohiblari – Qirg‘izistonning “Qomuzchilar” dueti hamda Ozarbayjondan kelgan Parviz Gasimov bo‘ldi. Ularning har biri 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri O‘zbekiston vakili Mehrinigor Abdurashidovaga berildi.

U 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.