Sharq va G‘arb to‘qnashuvi: “Yaff sulhi” Jeneva Konvensiyasi kabi zamonaviy harbiy kodekslarda ham o‘z ifodasini topganmi?
1095 yilning noyabr oyida Fransiyaning Klermon shahrida o‘lkan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda katolik nasroniy vakillari - G‘arbiy Yevropaning eng qudratli qirollaridan tortib oddiy dehqonlargacha, barcha qatlam ishtirok etdi. O‘lkan olomon oldida ruhoniy Urban Ota III otashin nutq so‘zladi. U barchani, Yaqin Sharqni egallab olgan islom dini vakillariga qarshi qo‘llariga qurol olishga, nasroniylar, yahudiylar uchun muqaddas makon hisoblangan Quddusni musulmonlar “zulmidan” qutqarishga chorladi.
Ruhoniy Urban Ota III tomonidan so‘zlangan nutq insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Uning bu nutqi deyarli ikki asr davom etdi va nasroniylar hamda musulmonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvga sabab bo‘ldi. G‘arbiy Yevropa davlatlarining eng qudratli qirollari nasroniylik dini ostida birlashib, Quddusni musulmonlardan qaytarib olish uchun ularga qarshi, Sharqqa tomon bir qancha xarbiy yurishlarni amalga oshirishdi. Mazkur yurishlar “Salb yurishlari” nomi bilan mashhur bo‘ldi. O‘z navbatida, musulmon dunyosining eng qudratli vakillari va millatlari ham Islom dini ostida birlashib, ularga qarshi kurash olib borishdi. Sharq va G‘arb o‘rtasida kechgan qonli kurashlarda ko‘plab mard sarkardalar, qirollar va askarlar halok bo‘ldi.
Tarix bu kurashda afsonaga aylangan ikki qudratli sarkarda va hukmdor - G‘arb vakili Sheryurak Richard I va Sharq vakili Sulton Salohiddinning qonli va ayovsiz kurashi guvohi bo‘ldi. Ular Yaratgan tomonidan bir–biri bilan jang qilish uchun yaratilgandi go‘yo...
Musulmonlar yetakchisi Salohiddin o‘zining sabrliligi, insonparvarligi, mardligi, irodasi va e’tiqodi bilan o‘z davrining boshqa hukmdorlaridan ajralib turardi. Uning birinchi raqamli dushmanlari Tampliyer va Gospitaliyer ritsarlari edi. Ularning qilichidan nafaqat musulmonlar, balki katolik bo‘lmagan boshqa nasroniylar ham nobud bo‘lishardi.
Quddus madaniyatlar chorrahasi, uch din (islom, nasroniylik, yahudiylik) vakillari uchun teng muqaddas hisoblangan makon. 1099 yilda calbchi nasroniylar tomonidan bosib olingan Quddusni musulmonlarga qaytarish uchun oradan deyarli bir asr o‘tib, 1187 yilda turli millat va ellatlardan tashkil topgan qudratli musulmon qo‘shini Damashqdan yo‘lga chiqdi. Bu qo‘shinga Sulton Salohiddin Yusuf Ibn Ay’yub boshchilik qilardi. U Damashqdan 30 minglik qo‘shin bilan yo‘lga otlandi. Unga Quddus qiroli Gi de-Luizinyan boshchiligidagi nasroniy calbchilari Xotin shahri yonida qarshilik ko‘rsatishdi. Mazkur jangda Salohiddin mohir sarkarda ekanligini isbotladi. Musulmonlar calbchilarni “Xotin tog‘i” tepaligi tomon chekinishga majbur qildi va ularni aylanasiga o‘rab olishdi. Luizinyan qo‘shinining asosini tashkil qilgan piyodalar “Xotin tog‘i” tepaligiga ko‘tarilib chekina boshlashdi. Og‘ir dasgohlardagi otliq ritsarlar tepalikka ko‘tarila olishmasdan pastda qolib ketishdi. Zil-zanbil dasgohlarda harakatlanishi qiyinlashgan ritsarlar Sulton qo‘shini tomonidan qirib tashlandi. Musulmonlar Quddus qiroli Gi de Luizinyanni asirga olishdi va uni Sulton va sarkarda Salohiddin yoniga olib kelishdi. Sarkarda islom tamoyiliga ko‘ra, Luizinyanni mehmondo‘stlik bilan kutib oldi. Quddus qiroli bunday harakatdan taajjublandi va mehmondo‘stlikdan so‘ng qatl ettirilishini taxmin qildi. Biroq uning taxmini noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Salohiddin unga shafqat qildi: “Qirol qirolni o‘ldirmasligi kerak”, dedi u raqibiga qarab va Luizinyanga nisbatan qirollardek munosabatda bo‘lishlarini buyurdi. Quddus qiroli bilan birga 230 nafar salbchi ritsarlar ham asir tushishgan edi. Salohiddin asir ritsarlarga “islomni qabul qilish yoki o‘lim sharti”ni qo‘ydi. Biroq taqvodor ritsarlar nasroniylik dinidan kechmadi va o‘lim bilan yuzlashdi.
Xotin ostonasidagi g‘alabadan ikki oy o‘tib, musulmonlar qo‘shini Quddus shahri oldiga kelib to‘xtadi. Shahar aholisi dahshatda edi, onalar farzandlaridan xavotir olishardi, erkaklar oilalari taqdirini o‘ylashardi. Shahar aholisi o‘limga yoki qullikka tayyorlanishar edi. Lekin musulmonlar yetakchisi yana insonparvarligini namoyish etdi. U shaharni qo‘riqlayotgan salbchilarga taslim bo‘lishni taklif qildi va vatanlariga qaytishlariga ruxsat berdi. Sarkarda hech kimni o‘ldirmadi, aksincha barchaga ozodlik hadya etdi. U askar salbchilarni hech qachon muqaddas Quddusga qaytmasliklari sharti bilan qo‘yib yubordi.
Quddusdan Yevropaga qaytgan salbchilar Yevropa hukmronlarining hech birida uchramaydigan, musulmon sarkardasining mardligi haqidagi hikoyalar bilan qaytishdi. Ular Salohiddin haqida afsona va rivoyatlar aytishardi. Quddusdan qaytgan salbchilar uni chuqur hurmat bilan yodga olishardi, u haqidagi hikoyalarni eshitgan yevropaliklar Islom vakilining tutgan yo‘lidan hayratlanishardi.
Salohiddin barcha qarorlarni islom shariati asosida qabul qilardi. Sulton Yevropaning sharaf tamoyili asosida yashaydigan ritsarlari uchun mardlik timsoliga aylandi.
Quddus masjidlarida yana azon ovozi eshitila boshlandi. Shu bilan birga, nasroniy va yahudiylarga o‘z e’tiqodlariga asosan ibodat qilishlariga cheklov o‘rnatilmadi. Ammo Quddus qaytarib olingan va masjidlarda azon ovozi yangrab turgan bo‘lsa-da, Salohiddin salbchilarning qaytishini bilardi.
Muqaddas Quddus yana musulmonlar qo‘liga o‘tdi. Bu holatdan butun nasroniy olami larzaga keldi. Quddus qo‘ldan boy berilganidan so‘ng bunday qayg‘uga dosh bera olmagan nasroniylarning yetakchi ruhoniysi vafot etdi. Yangi tayinlangan nasroniylar bosh ruhoniysi Grigoriy VIII zudlik bilan yana bir bor barchani Quddusni qaytarib olish uchun salb yurishni amalga oshirishga da’vat etdi. Uning da’vatiga birinchi bo‘lib, keyinchalik “Sheryurak” taxallusini olgan Angliya qiroli, qo‘rqmas jangchi va sarkarda Richard I javob berdi. U o‘z qo‘shini bilan boshqa salbchilarga qo‘shilib, musulmonlar nazoratida bo‘lgan Atta bandargohini qamal qildi. Biroq buni oldindan bilgan Salohiddin qamal qilganlarning o‘zlarini o‘rab oldi. Shunday qilib, qamal qilganlarning o‘zlari qurshov qolib ketishdi.
Qamalda qolgan salbchilar qarorgohida yuqumli kasalliklar tarqala boshladi. Birozdan so‘ng qirol Richardning o‘zi ham xastalanib qoldi. Qirolning qattiq betobligidan xabar topgan Sulton Salohiddin uning yoniga yetuk tabiblarni va noz ne’matlar yubordi. Bu bilan musulmonlar yetakchisi nasroniylarni o‘z mehmonidek ko‘rayotganligini bildirdi. Richard qarorgohida musulmonlar va ularning yetakchisi to‘g‘risida yana afsona va rivoyatlar ko‘paydi. Hatto Richardning o‘zi ham Sultonning bu iltifotidan hayratda edi. Biroq musulmonlar uning ashaddiy dushmani edi va u Quddusni qo‘lga kiritmaguncha ortga qaytmaslikka ahd qilgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Richard tuzaldi va quturgan sherdek qamalni yorib o‘tdi. Salohiddin qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Lekin uning qo‘shini hali ham jang qilishga qodir edi.
Manbaalarda keltirilishicha, janglarning birida Richardning oti yaralanadi va u piyoda qolib jangni davom ettiradi. Qirolning pastda jang qilayotganini ko‘rgan Sulton Salohiddin uni osongina o‘ldirishi mumkin edi. Ammo musulmonlar sarkardasi o‘z odamlariga qirol Richardga ot keltirishlarini buyuradi va shunday deydi: “Qirollar otsiz jang qilishi mumkin emas. Men otsiz qolgan qirol bilan jang qilmayman”. Dushmani ko‘rsatgan bu iltifotdan Angliya qiroli hayratda qoldi...
Ko‘plab to‘qnashuvlardan so‘ng Sulton Salohiddin Quddusga qaytdi va shahar himoyasini kuchaytirdi. Sheryurak taxallusini olib ulgurgan inglizlar qiroli Quddusni shimol tomondan qamal qildi. Musulmonlar va nasroniylar yetakchisi Quddus uchun bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi jangga tayyor edi. Sulton Salohiddin o‘zining barcha sodiq sarkardalarini yig‘di va “hayot uchun emas, mamot uchun kurashamiz”, dedi.
Sheryurak Richard shaharni qo‘lga kirita olmasligini, qo‘lga kiritgan taqdirda ham uni ushlab tura olmasligini tushundi. Chunki tinimsiz to‘qnashuvlardan ular ham charchashgandi. Rivoyatga ko‘ra, salbchilar yetakchisi qalqoni bilan yuzini berkitib shunday deydi: “Men bu shaharga qaray olmayman. Chunki uni musulmonlar qo‘lidan ololmadim”.
Qirol sulh tuzish taklifini uning qarorgohida mehmon bo‘lgan Sultonning akasi Alladil orqali yetkazdi. Sulh shartlari muhokama qilindi. Bu G‘arb va Sharqning bir-biriga ashaddiy dushman bo‘lgan hukmdorlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik ko‘rsatishgan kunlar edi. Angliya qiroli bir kun qaytib kelib baribir Quddusni zabt etishini ta’kidladi. Sog‘ligi yomonlashib qolgan Sulton uni kutishini, ulgurmasa, narigi dunyoda Muqaddas shahar dunyo hukmdorlarining eng odili va mardiga nasib bo‘lishidan benihoya xursand bo‘lishini ta’kidladi.
Shu tarzda 1192 yilda “Yaff sulhi” tuzildi. Unga ko‘ra, musulmon, nasroniy va yahudiy dini vakillari Quddusni ziyorat qilishlariga hech qanday cheklov o‘rnatilmasligi belgilandi. Yaff bandargohi G‘arb va Sharq savdogarlarining savdo qilishlari uchun ochiq maydon sifatida belgilandi. Yaqin Sharq va Quddus musulmonlar nazoratida qoldi. Richard Sharqni tark etdi. Salohiddin haj safarini amalga oshirib, o‘z poytaxti Damashqqa qaytdi.
Salb yurishlar oqibatida Sharq va G‘arb dunyosi murosasiz bahsda to‘qnashdi. Ko‘plab mard sarkarda va qirollar bu yurishda halok bo‘lishdi. Biroq har yomonning bir yaxshisi bor deganlaridek, bu to‘qnashuv natijasida Sharq va G‘arb madaniyatlari birlashdi. Islom madaniyati Yevropaga keng kirib bordi. Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy kabi Buyuk ajdodlarimiz asarlari Yevropa xalqlari tiliga tarjima qilindi va ularning ilm-fanda erishgan yutuqlari, o‘sha davrda Sharqdan ortda borayotgan Yevropada davom ettirilishiga zamin yaratdi. Turk, arab va fors olimlarining ilmiy ishlari Yevropada keng o‘rganildi va ilm-fanning hozirgi holatiga yetib keldi.
Qirol Richard I va Sulton Salohiddin tomonidan tuzilgan sulh o‘z davrida ashaddiy dushman bo‘lgan ikki din o‘rtasidagi ((islom va nasroniy) kelishuvining birinchi namunasi bo‘ldi. “Yaff sulhi” hozirgi kungacha bitimlarning va kelishuvlarning asosi hisoblanadi. Ko‘pchilik mutaxassislar “Yaff sulhi” Jeneva Konvensiyasi kabi zamonaviy harbiy kodekslarda ham o‘z ifodasini topganligini ta’kidlashadi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.