Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sharqshunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlanadi, institut universitetga aylantiriladi 

Sharqshunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash maqsadida 2020 yil 16 aprelda davlatimiz rahbarining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror mamlakatimizda sharqshunoslik sohasida katta yangilik bo‘ldi. 

Mazkur sohada kadrlar tayyorlab beruvchi nufuzli oliy ta’lim muassasasi bu Toshkent davlat sharqshunoslik institutidir. Institut nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlovchi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institutda iqtisod, siyosat, tarix, filologiya kabi sohalarda kadrlar tayyorlansada, institut maqomida qolayotgan edi. 2019-2020 o‘quv yilida yangi yo‘nalishlar va yaponshunoslik fakulteti tashkil qilingach, mazkur oliy ta’lim muassasasi ham universitet maqomini olish talablarini bajardi. Yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, yuqoridagi Prezident qarori asosida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil qilindi. 

Bugungi kungacha institutda arab, dariy, fors, hind, indonez, koreys, malay, pushtun, turk, urdu, uyg‘ur, xitoy, yapon tillari bo‘yicha filologiya, tillarni o‘qitish, tarjima nazariyasi, tarix, sharq falsafasi va madaniyati, xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti, mamlakatshunoslik, jahon siyosati yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Yangi o‘quv yilidan xalqaro jurnalistika, turizm va gid hamrohligi, tarjimonlik faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ham talabalar qabul qilinishi belgilandi. 

 Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida sharq tillarini o‘qitish alohida o‘rin tutadi. Shu sababli, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab universitetga o‘qishga qabul qilishda sharq tillaridan topshiriladigan ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihonlar o‘rniga test sinovlari o‘tkaziladi. 

Bundan tashqari, universitetda ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi. Mazkur tizim talaba va o‘qituvchilar uchun ko‘proq erkinlik yaratib beradi, o‘z ustida ishlash uchun sharoitlarni yaxshilaydi. 

Yuqorida rejalashtirilgan loyihalar amalga oshsa, universitet kuchli va raqobatbardosh kadrlarni mehnat bozoriga yetkazib berishni ko‘paytiradi, uning xalqaro miqyosda ham obro‘si oshadi.

Shohrux YuNUSOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik 

universiteti talabasi.