Shavkat Mirziyoyev bu hafta Saudiya Arabistoniga boradi
17-18 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifingda xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq Jidda shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ularda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Alohida e’tibor “yashil iqtisodiyot”, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovatsiyalar, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga qaratiladi.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat rahbari Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.
Shu bilan birga Prezident Makkai Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat qiladi.