Shavkat Mirziyoyev: "Har qanday muvaffaqiyatli yirik biznesga erishish, eng avvalo, kichik g‘oya va harakatdan boshlanadi"

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Yurtimizda kichik va o‘rta biznes ish o‘rni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qo‘shilgan qiymat va eksportni ko‘paytirishga eng katta turtki berayotgan yo‘nalishga aylandi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yaratilgan sharoitlar hisobiga kichik va o‘rta tadbirkorlar soni besh yilda 2 karra ko‘paydi. Ularda 10,5 million odam daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda.
Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga to‘g‘ri kelayapti.
“Bir haqiqatni yaxshi anglab olish kerak. Har qanday muvaffaqiyatli yirik biznesga erishish, eng avvalo, kichik g‘oya va harakatdan boshlanadi.
O‘zgarishlarga tez moslashadigan, yangilik va raqobatdan qo‘rqmaydigan, muhimi, odamlarni ishli qilib, daromadini ko‘paytirishda eng faol soha ham bu – kichik biznes.
Shu bois, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, - dedi Prezident.